22:21 / 06.07.2022
20032
Qoraqalpog‘istonda huquq-tartibot organlari xodimlaridan 100 dan ortig‘i jiddiy jarohatlangan

Qoraqalpog‘istonda ommaviy tartibsizliklar ishtirokchilari hujumlari oqibatida huquq-tartibot organlari xodimlarining 107 nafar xodimi jiddiy tan jarohati olgan, ulardan 23 nafari og‘ir ahvolda. Umumiy olganda, davlat organlarining 270 nafar xodimi turli darajada tan jarohati olgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston voqealari yuzasidan OAVda tarqalayotgan asossiz ma’lumotlar yuzasidan bayonot berdi.

Alohida ommaviy axborot vositalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar nomi tilga olinmayotgan manbalarga asoslanib Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqealar haqida turli xil taxminlar va ishonchsiz ma’lumotlarni bo‘rttirib ko‘rsatmoqda.

«Tinch mitingni tarqatish» uchun kuchlardan noqonuniy foydalanganlik, jumladan, favqulodda holat e’lon qilish yo‘li bilan «mustaqil ovozlarni bo‘g‘ish va axborotni cheklash» haqida asossiz bayonotlar yangramoqda.

Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealar yuzasidan oydinlik kiritish, atroflicha va xolis axborot taqdim etishni istaydi.

2022 yilning 1–2 iyul kunlari Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsion tuzumi, hududiy yaxlitligi va birligini vayron qilishga urinish sodir bo‘ldi. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha omma e’tiboriga havola etilgan takliflarga norozilik bildirish bahonasida g‘araz niyatdagi shaxslar tomonidan zo‘ravonlik aksiyalari, to‘qnashuvlar va davlat hokimiyati organlari binosini egallashga urinishlar tashkillashtirilgan.

Bu qonunga zid harakatlar separatizmni alangalatish, tinch, birdam va demokratik mamlakatni bo‘lib tashlash va beqarorlikka giriftor qilishga yo‘naltirilgan, avvaldan rejalashtirilgan yaqqol qo‘poruvchilik belgilariga ega edi. 

Populistik shiorlarni qalqon qilib, mobil aloqa va internet orqali feyk axborotlarni tarqatib dushmanona kayfiyatdagi kuchlar fuqarolarni ommaviy ravishda aksilkonstititsion faoliyatga jalb qilishga urinib ko‘rishdi. Bu internet aloqasini vaqtinchalik cheklash bo‘yicha choralarni qo‘llashga majbur qildi.

Ommaviy tartibsizlik va buzg‘unchilik davomida Jo‘qorg‘i Kenges — parlament binosi, Nukus shahri IIB va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini shturm qilish, o‘qotar qurollarni egallash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini garovga olishga bir necha bor urinishlar bo‘lgan, turli joylarda o‘t qo‘yish, davlat, jamoat va xususiy mulklarni buzish va yo‘q qilish amalga oshirilgan, shahar infratuzilmasiga katta ziyon yetkazilgan.

Bundan tashqari, hujumlar natijasida huquq-tartibot organlarining 107 nafar xodimiga jiddiy tan jarohatlari yetkazilgan, ularning 23 nafari og‘ir ahvoldaligicha qolmoqda. Umumiy hisobda davlat organlarining 270 nafar xodimlari turli darajadagi tan jarohatlarini olishgan.

Tartibsizliklarda ishtirok etganlarning shafqatsizligi insonlar ongini manipulyatsiya qilgan bir guruh shaxslarning provokatsion harakatlari natijasida yuzaga chiqqan va fuqarolarning tinch namoyishi deb atalishi mumkin emas. 

Ushbu noqonuniy harakatlar natijasida avval e’lon qilinganidek, 18 kishi vafot etgan. Qayd etish joizki, hujumlarda faol ishtirok etganlar orasida narkotik va alkogolli moddalar ta’sirida mast bo‘lgan shaxslar ko‘pchilikni tashkil etgan. 

O‘zbekiston hukumati hokimiyatni kuch bilan egallash, separtizm g‘oyalarini targ‘ib qilish, nafrat va nifoq urug‘ini yoyish, zo‘ravonlik va ommaviy tartibsizliklarga chorlashga yo‘nalgan har qanday g‘ayriqonuniy harakatlarni keskin qoralaydi.

Ko‘rilgan choralar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakatlari sharofati bilan g‘ayriqonuniy aksiyalar to‘xtatildi. 

Ayni paytda Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalar a’zosi sifatida shaffof, mustaqil va xolis tergov prinsiplari, shuningdek tegishli huquqiy protsedura va odil sud muhokamasini kafolatlashga to‘liq sodiq bo‘lib qoladi. Tergov natijalari tegishli xalqaro tashkilotlar e’tiboriga havola etiladi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan qo‘llanayotgan barcha harakatlar huquqiy maydon doirasida amalga oshirilmoqda va birinchi navbatda insonlarning hayoti va sog‘ligiga tahdid yuzaga kelmasligiga qaratilgan.

Ayni aytda Qoraqalpog‘iston hududida mobil aloqa to‘liq hajmda ishlamoqda, oziq-ovqat do‘konlari, bozorlar, nonvoyxonalar, banklar, kasalxonalar va boshqa ijtimoiy obektlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Elektr energiyasi, gaz va suv shtatli rejimda yetkazib berilmoqda.

O‘zbekistonning tegishli davlat organlari jamoatchilikni Qoraqalpog‘istondagi voqealardan har kuni voqif qilib turibdi. Binobarin, u yerdan axborot olish imkonsizligi haqidagi bayonotlar asossiz.

Demokratik islohotlarni izchil amalga oshirayotgan, har bir insonning sharafi va qadri, farovonligi va manfaati haqida qayg‘uruvchi insonparvar, huquqiy va ijtimoiy davlat qurishga ishonch bilan qadam bosayotgan O‘zbekiston Respublikasiga hech bir kuch xalaqit bera olmasligini ta’kidlab o‘tamiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi barcha ommaviy axborot vositalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarni turli ishonchsiz manbalarga tayanib shoshilinch xulosa va bir tomonlama bayonotlar chiqarmaslik, Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan xolisona yondashishga chaqiradi.

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyat bilan barcha masalalarda, jumladan, qonuniy manfaatlar, inson huquqlari va erkinliklari himoyasi masalalarida ochiq muloqot va o‘zaro hamkorlik qilishga sodiq qoladi.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top