14:36 / 06.07.2022
33147
Tovushdan tez parvoz – fantastik orzumi yoki yaqin kelajakdagi voqelik? 

O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab fuqarolik aviatsiyasi katta qadamlar bilan rivojlana boshladi. 80-yillarda tovushdan tez uchuvchi passajir samolyotlari paydo bo‘ldi. Ammo texnika, tejamkorlik va xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar ularning faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Yuqori tezlikdagi parvoz haqidagi orzular so‘nayotgan bir paytda Amerikaning Boom Technology kompaniyasi tovushdan tez uchuvchi passajir samolyotlarini qayta tiklash loyihasini taqdim qildi. Xo‘sh, tovushdan tez parvoz – fantastik orzu toifasidan chiqib, yaqin kelajakdagi voqelikka aylanadimi? 

Boom Overture tovushdan tez uchuvchi samolyoti konsepti (boomsupersonic.com) 

Tovushdan yuqori tezlik nima? 

Har qanday tovush yer yuzasida 270-400 metr/sekund yoki 980-1470 kilometr/soat tezlikda tarqaladi. Aerodinamikada tezlik ko‘rsatkichi avstriyalik fizik olim Ernst Max (Ernst Mach) sharafiga M harfi bilan belgilangan. Tovushning tezligi balandlikka qarab o‘zgaruvchan bo‘ladi. 1 Max yer yuzasiga yaqin joyda 340 m/sekundga yoki 1224 km/soatga teng bo‘ladi. 

Hozirgi vaqtda dunyoda tovushdan yuqori (>1 Max) tezlikda uchadigan passajir samolyotlari yo‘q. Ammo har doim ham shunday bo‘lmagan. 

Tovushdan tez uchadigan aviatsiya 

1950-yillardan tovushdan tez uchadigan aviatsiya jadal rivojlana boshladi. Konstruktorlar samolyot barqarorligi va boshqarilishi, aerodinamik samaradorlik bilan bog‘liq muammolarni hal qilishdi. Parvoz tezligining oshishi bilan birga uning balandligi 20 kilometrga yetdi. 1960-yillardan boshlab, tovushdan tez uchadigan samolyotlar ommaviy ishlab chiqarildi. 

Fan yutuqlari birinchi navbatda harbiy sohaga joriy qilindi. Sovetlarning MiG-17 (1949, tezlik M=1) qiruvchi samolyoti, Amerikaning North American F-100 Super Sabre (tezlik M=1,3) qiruvchi samolyoti, Convair B-58 Hustler (1956, tezlik M=2) bombardimonchisi, uzoq parvoz uchun mo‘ljallangan Lockheed A-12 (1962, tezlik M=3) razvedka samolyoti shular jumlasidan edi. 

Tovushdan tez uchuvchi passajir samolyotlari 

Ammo fuqarolik aviatsiyasida bunday bo‘lmadi – ko‘plab texnik va iqtisodiy muammolar tufayli tovushdan tez uchuvchi samolyotlar ommalashmadi. Tarixda ulardan atigi 2 ta bo‘lgan: sovetlarning Tu-144 samolyoti va Angliya-Fransiya hamkorligida ishlab chiqarilgan Concorde samolyoti. 

Sovetlar tomonidan ishlab chiqarilgan Tu-144 samolyoti (Wikipedia) 

Tu-144 birinchi marta 1968 yil dekabr oyida havoga ko‘tarildi. Eng yuqori tezligi 2430 km/soat (>2 Max) bo‘ldi. Samolyot soatiga 38 tonna yoqilg‘i sarf qilar edi. 1975-1978-yillarda muntazam reyslarni amalga oshirdi. Texnika va tejamkorlik bilan bog‘liq ko‘plab muammolar, shuningdek, bir necha aviahalokatlar tufayli «pensiyaga chiqarildi». 

Angliya va Fransiya hamkorligida ishlab chiqarilgan Concorde samolyoti (Wikipedia) 

Concorde birinchi marta 1969 yil mart oyida parvoz qildi. Eng yuqori tezligi 2179 km/soat (>2 Max) bo‘ldi. Samolyot soatiga 20 tonna yoqilg‘i sarflar edi. 1976-2003-yillarda asosan London, Nyu-York va Parij o‘rtasida transatlantika va charter reyslarni muntazam ravishda amalga oshirdi. Xarajatlar oshib ketgani va iqtisodiy samaradorlik pasaygani, shuningdek, 2003 yilgi aviahalokat tufayli ekspluatatsiyasi to‘xtatildi. Concorde o‘z tarixi davomida 18 ming soatga yaqin vaqt parvoz qildi. 

Tovushdan tez uchuvchi va tijorat maqsadida foydalaniladigan samolyotlarning eng muhim kamchiliklari quyidagilar edi:

  • Tovush zarbasi (tovush tezligidan o‘tilgan paytda (>1Max) yuzaga keladigan, portlash ovoziga o‘xshash shovqin, fizik hodisa)
  • Yoqilg‘i sarfining o‘ta yuqoriligi (katta tezlik rejimida ishlaydigan dvigatellarda yoqilg‘i sarfining keskin oshishi)
  • Baland shovqin (tovushdan tez uchadigan samolyotlar chiqaradigan shovqinning juda baland ekani, aeroportlarga yaqin joyda yashovchi odamlarning ko‘plab shikoyatlari)
  • Boshqarishning qiyinligi (uchuvchilar tomonidan samolyotni boshqarishdagi muammolar). 

Ushbu muammolar fuqarolik aviatsiyasida tovushdan tez uchuvchi samolyotlar «hayotini qisqartirdi». Hozirgi kunda fuqarolik aviatsiyasida 850 km/soat tezlik iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. 

Tovushdan tez parvozlarni qayta tiklash orzusi 

Concorde so‘nggi marta havoga ko‘tarilganidan 13 yil o‘tgach, 2016 yilda Amerikaning Boom Technology kompaniyasi tovushdan tez uchuvchi yangi passajir samolyoti loyihasini e’lon qildi. 

Boom Technology — 2014 yilda tashkil qilingan startap kompaniya bo‘lib, uning maqsadi 45-55 o‘rinli, 2,2 Max (2335 km/soat) tezlikda uchadigan, tovushdan tez yo‘lovchi samolyotini yaratishdir. Loyihaga ko‘ra, u Nyu-Yorkdan Londonga 3,5 soatda, reaktiv samolyotlardan deyarli 2 barobar tez uchib borishi mumkin bo‘ladi, chipta narxi ikki tomonga taxminan 5 ming dollarni tashkil qiladi. 

2016 yilda kompaniya rejalarini biroz o‘zgartirib, Boom Overture samolyoti konsepsiyasini taqdim qildi. U 1,7 Max (1800 km/soat) tezlikda uchuvchi, 65–88 yo‘lovchiga mo‘ljallangan, 8000 km masofaga qo‘nmasdan parvoz qiladigan samolyot bo‘lib, 2026 yilda birinchi parvozi, 2029 yildan muntazam qatnovlarni amalga oshirishi rejalashtirilgan. 

Boom Overture (boomsupersonic.com) 

Loyihaga ko‘ra, samolyot uchburchaksimon (deltasimon) qanotli konfiguratsiyaga ega bo‘ladi va kompozit (yengil) materiallardan quriladi. U uchta 20 ming ot kuchiga ega dvigatellar bilan ta’minlanadi. 

Tovushdan tez uchuvchi samolyotlar istiqboli 

Boom Technology kompaniyasining ta’kidlashicha, yaqin kelajakda bozorda tovushdan tez uchuvchi 1000 ta samolyot va 500 ta marshrutga ehtiyoj tug‘iladi. 

1,7 Max tezlikda uchish Nyu-Yorkdan Londonga 6 soatda emas, balki 3 soat-u 30 daqiqada, Nyu-Yorkdan Frankfurtga 7 soat o‘rniga 4 soatda, San-Fransiskodan Tokioga 10 soat o‘rniga 6 soatda yetib olish imkonini beradi. 8000 km masofadan oshadigan parvozlarda samolyot yoqilg‘i quyish uchun qo‘nib olishi kerak bo‘ladi. 

Boom Overture samolyoti saloni (boomsupersonic.com) 

Boom Overture samolyoti narxi intererni hisobga olmaganda 200 million dollar bo‘lishi rejalashtirilgan. Boom zavodi yiliga 100 ta samolyot yig‘ishni ko‘zlamoqda. 

Kompaniyaning ta’kidlashicha, har bir o‘rindiq uchun sarflanadigan operatsion xarajatlar hozirgi keng fyuzelyajli samolyotlarga qaraganda past bo‘ladi. 

Boom Nyu-Yorkdan Londonga ikki tomonlama parvoz uchun 5 ming dollarlik tarifni ko‘zlamoqda. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Concorde samolyoti chiptasi hozirgi narxlarda 20 ming dollarga teng bo‘lgan. Bu uning yagona daromadli marshruti edi. Qayd qilish joizki, Boom Overture dastlabki bosqichda faqat badavlat odamlar uchun mo‘ljallangan tarifni taklif qilmoqchi. 

Boom Overture San-Fransisko-Tokio va Los-Anjyeles-Sidney kabi uzoq masofali yo‘nalishlar uchun 15 ta biznes-klass o‘rindiqli, shuningdek, 30 ta birinchi toifadagi bukiluvchan o‘rindiqli salonni taklif qilishi mumkin. 

Boom Technology kompaniyasi Boom Overture samolyoti uchun hozirgi kunda 76 ta buyurtma olgan. 

AQSh prezidenti uchun mo‘ljallangan samolyot (Air Force One) konsepti (boomsupersonic.com) 

2020 yil sentabr oyida kompaniya AQSh Harbiy-havo kuchlari bilan shartnoma imzoladi. Undan Overture samolyotini prezident foydalanadigan birinchi raqamli bort (Air Force One) sifatida ishlatish rejalari o‘rin olgan. 

100 dollarlik parvoz 

Tovushdan tez uchuvchi aviatsiya uchta maqsadni ko‘zlaydi: biri sayohat vaqtini qisqartirish, ikkinchisi parvoz xarajatlarini arzonlashtirish va uchinchisi uglerod chiqindilarini kamaytirish. 

Boom Technology kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Bleyk Sholl Overture samolyotining bu maqsadlarga erisha olishiga ishonchi komil. 

«1960-yillarda foydalanilgan texnologiyalarda juda ko‘p narsa o‘zgardi. Samolyotsozlikda alyuminiy o‘rniga uglerod tolasidan foydalanilmoqda. Reaktiv dvigatellar shovqinsiz va tejamkor bo‘lish yo‘lida ajoyib yutuqlarga erishdi. Biz yangi, tovushdan tez samolyotni tezkor, mustahkam va ekologik toza qilamiz. Kelajakda parvoz narxini 100 dollarga tushiramiz, bu esa kengroq ommaga undan foydalanish imkonini beradi», - dedi u. 

To‘g‘ri, 4 soat ichida dunyoning istalgan nuqtasiga sayohat qilish uchun 100 dollar sarflash amalga oshmas orzu bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo Boom kompaniyasi yangi samolyotlarning ikkinchi va uchinchi avlodi ishlab chiqarilganida, ya’ni uzoq kelajakda bunga erishmoqchi. 

Boom oldidagi muammolar 

Boom Overture tashqi ko‘rinishi Concorde samolyotiga o‘xshash, qanotlari deltasimon bo‘ladi. Uning qiymati 75 foizga arzon bo‘lishi kutilmoqda. 

55 o‘rinli samolyotning og‘irligi 77,1 tonna, uzunligi 52 metr va kengligi 18 metr bo‘ladi. O‘rindiqlar oralig‘idagi masofa 1,9 metrni tashkil qiladi, bu esa parvoz davomida yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik tug‘diradi. 

Boom Overture (boomsupersonic.com) 

Boom Overture tovushdan tez samolyotlarga xos o‘ta yuqori shovqin bilan bog‘liq muammoni hal qilishi lozim. Uning shovqini Concorde samolyotidan 30 foizga past bo‘lishi, ya’ni parvoz paytida Boeing 777-300 samolyotidan ham past bo‘lishi rejalashtirilgan. 

Shovqinni cheklash uchun dvigatellar o‘lchamini kichraytirish, natijada, yoqilg‘i sarfini 30 foizga kamaytirish ko‘zlanyapti. Buning uchun Boom forsaj kameraga ega bo‘lmagan dvigatellardan foydalanmoqchi. Hozirgi vaqtda reaktiv qiruvchi samolyotlar xuddi shunday dvigatellar bilan jihozlangan. Ammo ularda tejamkorlik va fuqaro aviatsiyasi uchun muhim bo‘lgan ishonchlilik yo‘q. Boom aviatsiya dvigatellari ishlab chiqaruvchi Rolls Royce kompaniyasi bilan yangi dvigatellar borasida hamkorlik qilmoqda. 

Samolyot dizayniga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u taxminan Boeing 737 o‘lchamiga ega. Ammo salon torroq va yo‘lak atrofi bir qatorli o‘rindiqlardan iborat bo‘ladi. Bagaj o‘rindiqlar ostida saqlanadi.

Boom Overture samolyoti o‘rindig‘i (boomsupersonic.com) 

Salonning muhim jihati – katta illyuminatorlar bo‘lib, stratosfera sharoitida chiroyli manzarani tomosha qilish imkonini beradi. 

Overture samolyotining dastlabki sinov parvozlari 2026 yildan boshlanishi rejalashtirilgan. 

Nurmuhammad Said tayyorladi.

Top