17:26 / 08.07.2022
4941
Angolaning sobiq prezidenti vafot etdi

Joze Eduardu dush Santush 38 yil davomida Angolani boshqargan edi. U 80 yoshida Ispaniyada vafot etdi.

Foto: EPA/MICHAEL KAPPELER

Joze Eduardu dush Santush 1942 yilda Angola poytaxti Luanda shahrida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagan zahoti siyosatga kirib kelgan. Angolani Portugaliya mustamlakasidan ozod qilish xalq harakatiga (Mehnat partiyasi, MPLA) a’zo bo‘lib, partizanlik qilgan.

1963—1969 yillarda Ozarboyjon neft va ximiya institutida o‘qigan. 

1970—1974 yillarda Angoladagi fuqarolar urushida ishtirok etgan.

1975 yilda Angola mustaqillikni qo‘lga kiritgach, tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan. 

1979 yilda Angolaning birinchi prezidenti Agostino Neto vafot etgach, uning o‘rnini egallagan. 

Davlat rahbari sifatidagi 38 yillik faoliyatida ko‘plab siyosiy raqiblarini yo‘q qilgan. Mamlakatning yirik moliyaviy-iqtisodiy aktivlarini nazorat qilishda, keng miqyosdagi korrupsiyada, hokimiyatni suiiste’mol qilishda ko‘p bora ayblangan. 

Dush Santush ko‘p yillar davomida SSSR tomonidan harbiy, siyosiy va moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlangan. 1990 yilda marksizm-leninizm g‘oyasidan voz kechib, mamlakatda ko‘ppartiyaviy va bozor iqtisodiyotiga asoslangan tizimni joriy qilgan.

2016 yilda navbatdagi prezident saylovida ishtirok etmasligini e’lon qilgan. 2018 yilda lavozimini tark etgan. Prezidentlik saylovida Mudofaa vaziri Juan Lorensu g‘alaba qozongan.

Joze Eduardu dush Santush so‘nggi paytda og‘ir xastalikka chalinib, Ispaniyada davolanayotgan edi.

Mavzuga oid
Top