13:54 / 08.07.2022
12715
Qozog‘iston MDHning Davlatlararo valuta qo‘mitasi to‘g‘risidagi bitimidan chiqdi

Qozog‘iston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) Davlatlararo valuta qo‘mitasi to‘g‘risidagi 1995 yildagi kelishuvidan chiqdi.

Foto: Akorda.kz

«1995 yil 26 maydagi Davlatlararo valuta qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimning amal qilishini tugatish to‘g‘risida 2013 yil 25 oktyabrda Minsk shahrida tuzilgan bayonnoma tasdiqlansin», — deyiladi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning farmonida.

Hujjat allaqachon kuchga kirgan.

Ma’lumot o‘rnida, Davlatlararo valuta qo‘mitasi valuta to‘lovlari va kredit munosabatlari sohasida ko‘ptomonlama hamkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish, ko‘ptomonlama hisob-kitob va kredit munosabatlariga ta’sir etuvchi valuta qonunchiligini muvofiqlashtirish va takomillashtirish, MDHga a’zo davlatlarning to‘lov ittifoqini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuv ishtirokchilarini pul-kredit va valuta siyosatini muvofiqlashtirish shakllari va usullarini ishlab chiqish, valuta nazorati masalalarida hamkorlik qilish maqsadida tashkil etilgan edi.

Ushbu bitim 1995 yil 26 may kuni imzolangan bo‘lib, O‘zbekistonda 1996 yil 23 iyuldan boshlab kuchga kirdi. 

2013 yil 25 oktyabrda Minsk shahrida o‘tkazilgan MDH davlatlari rahbarlari Kengashi yig‘ilishida bitimning amal qilishini to‘xtatish haqidagi bayonnoma imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti ushbu bayonnomani 2014 yil 4 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlagan edi.

Top