13:43 / 09.07.2022
1653
Sirdaryoda aniqlangan moliyaviy kamchiliklar bo‘yicha chora ko‘rmaslik uchun IIB JQB xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan sobiq rahbar ushlandi

U IIB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimiga aniqlangan moliyaviy kamchiliklar yuzasidan chora ko‘rmaslik uchun 3 ming dollar berayotganda ushlangan.

IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamentining xabar berishicha, 2022 yil 6 iyul kuni IIV Transportda XTBB boshlig‘i nomiga IIB JQB xodimi bildirgi bilan murojaat qilgan.

Murojaatda IIB JQB xodimi o‘zining ish yurituvidagi, «Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish» DUKga nisbatan hujjatlar to‘plami yuzasidan, uning sobiq rahbari D.U. o‘zi rahbarlik qilgan vaqtda «Sirdaryo ko‘priklardan foydalanish» DUKga nisbatan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlangan moliyaviy kamchiliklar yuzasidan chora ko‘rmaslik hamda ishni ijobiy hal etib berish uchun 3 ming dollarni pora tariqasida taklif etayotganini ma’lum qilgan.

Ushbu ma’lumotga asosan, 6 iyul kuni soat 15:00 larda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Transport IIO bo‘yicha bo‘limi hamda Transport prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, JQB xodimining xizmat xonasida D.U. 3 ming dollarni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan fuqaro D.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Sirdaryoda pora evaziga MChJga hisoblangan 64 million so‘m zararni o‘chirmoqchi bo‘lgan elektr tarmoqlari muhandisi ushlangandi.

Top