16:08 / 10.07.2022
10953
Yoxannesburgda otishma: 15 kishi o‘ldirilgan, yana 3 kishi og‘ir ahvolda

Janubiy Afrika Respublikasining moliyaviy poytaxti deya e’tirof etiladigan Yoxannesburg shahri yaqinida ommaviy otishma ro‘y berdi.

Foto: AP

Mahalliy politsiya xabariga ko‘ra, bir guruh erkaklar taksida kelib, bar ichida bo‘lganlarga qarata o‘t ochgan. Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi ro‘y bergan hodisa oqibatida umumiy hisobda 33 kishi jabrlangan. Shundan 15 nafari vafot etgan, shifokorlar og‘ir ahvoldagi 3 nafar bemorning hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda.

Jinoyatchilar niqobda bo‘lgani aytilmoqda. Ular o‘t ochib bo‘lgach Toyota Quantum avtomobilida voqea joyidan qochib ketishgan. Hozircha otishma sababi ma’lum emas, hodisa mahalliy politsiya tomonidan tergov qilinmoqda.

“Voqea joyidan topilgan patronlar soni jinoyatchilarning bir guruh bo‘lib o‘t ochganini ko‘rsatmoqda. Dastlabki tergov taxminiga ko‘ra jabrlanuvchilar shu yerda vaqtichog‘lik qilishgan. To‘satdan otishma boshlangan va odamlar bardan qochib chiqishga harakat qilishgan. Biz nima maqsadda va aynan nima uchun bu odamlar o‘qqa tutilgani haqida to‘liq ma’lumotga ega emasmiz. Jinoyatchilar yirik kalibrli o‘qotar qurollar bilan duch kelgan tomonga qarata o‘q uzishgan”, deya politsiya komissari Gauteng Elias Mavelaning so‘zlarini keltirmoqda Independent nashri.

Politsiya otishma sodir bo‘lgan joy qorong‘i bo‘lgani bois jabrlanuvchilar jinoyatchilarning belgilarini eslab qola olishmagan.

Yoxannesburgdagi jinoyatning izi sovishga ulgurmay mamlakatning boshqa bir hududi – Pitermaritsburg shahrida ham otishma yuz bergani, buning natijasida 4 kishi halok bo‘lgani hamda 8 kishi turli darajada jarohat olgani haqida xabarlar tarqaldi. Mahalliy telekanalga ko‘ra, qurollangan ikki erkak barga bostirib kirib, u yerdagilarga qarata o‘t ochgan.

Mavzuga oid
Top