09:40 / 11.07.2022
8432
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri bosh vazirlikka o‘z nomzodini ilgari surdi

Liz Trass mamlakat bosh vaziri lavozimiga 11-nomzod bo‘ldi, u o‘z bayonotida Ukrainani faol qo‘llab-quvvatlagani va Kremlga qarshi sanksiyalarni eslatdi.

Foto: Picture Alliance

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass hukmron Konservativ partiya rahbari va mamlakat bosh vaziri lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qildi. Bu haqda Trass 10 iyul, yakshanba kuni The Daily Telegraph gazetasida chop etilgan maqolasida ma’lum qildi. 

«Global iqtisodiy inqiroz sharoitida biz o‘z uyimizda katta muammolarga duch kelyapmiz. Bizni xorijda tajovuzkor Rossiyadan tortib, tobora kuchayib borayotgan Xitoygacha bo‘lgan katta muammolar kutib turibdi. Keyingi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz uchun ikki yildan kamroq vaqt bor. Bu qiyin kurash bo‘ladi, lekin biz Britaniya xalqining manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yib g‘alaba qozona olamiz. Men oldinga intilyapman, chunki men yetakchi bo‘la olaman va qiyin qarorlar qabul qila olaman», deb yozgan Trass.

Bosh vazir sifatida u birinchi navbatda soliq yukini kamaytirishga, ijtimoiy sug‘urta narxini oshirishni bekor qilishga va biznes uchun stavkalarni pasaytirishga va’da berdi. U o‘z maqolasida tashqi ishlar vaziri sifatida mamlakatga «Putinning Ukrainadagi urushiga xalqaro javob choralarini ko‘rishga va Putin va Kremlga haqiqiy og‘riq keltirgan qattiq sanksiyalar paketini joriy etishga» yordam berganini eslatdi. 

11 kishi allaqachon partiya yetakchisi va bosh vazir lavozimlariga nomzodini e’lon qilgan, deb yozadi The Guardian. Trass konservatorlar orasida yetakchilardan biri, deya qayd etadi Sky. U vazirlar mahkamasida eng uzoq muddat ishlagan nomzod bo‘lib, Devid Kemeron, Tereza Mey hamda Boris Jonson davrida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Taxminlarga ko‘ra, partiya ovoz berishning aniq formati va uning vaqtini shu hafta aniqlaydi, deb yozadi The Guardian. 

Bosh vazir lavozimida ishlagan Boris Jonson 7 iyul kuni – qator janjallar va hukumat vazirlarining iste’foga chiqishidan so‘ng o‘zi ham iste’foga chiqishini e’lon qildi. U «dunyodagi eng yaxshi ish» deb hisoblagan lavozimini tark etganidan afsusda ekanligini ta’kidladi. Shu bilan birga, oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan yangi hukumat rahbari sayloviga qadar bosh vazir vazifasini bajarishda davom etishini aytdi. 

Mavzuga oid
Top