08:33 / 11.07.2022
43867
Jizzaxlik ikki o‘smir Spark haydovchisini bo‘g‘ib o‘ldirib, mashinani yoqib yuborishdi

Marhumning jasadini esa kanalga tashlab yuborishgan.

Videodan kadr

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 4 iyul kuni Mirzacho‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi PR-8 kanalidan o‘rta yoshli erkakning jasadi va yonib ketgan Spark mashinasi topilgan.

Dastlabki surishtiruvlarda jasadning shaxsiga aniqlik kiritilganda, u Toshkent shahri Mirobod tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro ekani aniqlangan. Spark mashinasi ham unga tegishli bo‘lgan.

Jizzax viloyati prokuraturasi va IIB xodimlari hamkorlikda olib borgan tezkor qidiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni Paxtakor tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi, 2004 yilda tug‘ilgan va Arnasoy tumani Cho‘lquvar mahallasida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan yigitlar sodir etgani aniqlangan. Ulardan daliliy ashyo sifatida erkaklar bosh va oyoq kiyimlari, marhumga tegishli universal pichoq rasmiylashtirib olingan. Shundan so‘ng 17 va 18 yoshli ikki yigit gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.

Dastlabki surishtiruvlarda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlagan ikki yigit uyiga ketish maqsadida Toshkent–Jizzax yo‘nalishli taksilari qatnaydigan bekatga kelgani aniqlangan. Ular bu yerda Spark mashinasi haydovchisiga 200 ming so‘m evaziga Jizzax shahriga olib borib qo‘yishni so‘rashgan. U rozi bo‘lgan.

 Sirdaryo viloyatida mashina to‘xtagan vaqtida yigitlardan biri haydovchini bo‘g‘gan, sherigi unga yordamlashgan. Haydovchi vafot etgandan so‘ng uni orqa o‘rindiqqa yotqizib, Spark’ni Mirzacho‘l tumaniga olib borishgan va jasadni kanalga tashlab yuborishgan.

So‘ng gumonlanuvchilar mashinani yoqib yuborib, davlat raqami belgilarini ko‘mib tashlashgan.

Qayd etilishicha, mazkur qotillik yuzasidan prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top