09:36 / 12.07.2022
7012
Belarus Lukashenkoga qarshi chiqqan ota-o‘g‘ilning olib chiqib ketilgani uchun Shvetsiyaga norozilik bildirdi

Shvetsiya elchisi Kristina Yuxannesson Belarus Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Unga qidiruvda bo‘lgan Belarus fuqarolari Vitaliy va Vladislav Kuznechiklarni «yashirganlik» va «yashirincha olib chiqib ketganlik» munosabati bilan norozilik bildirilgan.

Foto: privat

Belarus Tashqi ishlar vazirligi 11 iyul, dushanba kuni Shvetsiya elchisi Kristina Yuxannessonni chaqirtirdi, deb xabar bermoqda Belarus TIV sayti. 

«Shvetsiya tomoniga Shvetsiyaning Minskdagi diplomatik vakolatxonasi xodimlari qidiruvda bo‘lgan hamda umume’tirof etilgan ijtimoiy xavfli qilmishlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Belarus fuqarolari Vitaliy va Vladislav Kuznechiklarning yashirin ravishda olib chiqib ketilishida ishtirok etgani munosabati bilan norozilik bildirildi», — deyiladi xabarda. 

Vitaliy Kuznechik va uning o‘g‘li Vladislav Minskdagi Shvetsiya elchixonasida deyarli ikki yil davomida Belarus rasmiylarining ta’qiblaridan yashirinib kelgan. 2020 yil sentabr oyida erkaklar siyosiy boshpana so‘rash uchun diplomatik vakolatxonaga kelib, domofon orqali qo‘ng‘iroq qilishgan, ammo ularga yordam berish imkonsizligi aytilgan. O‘shanda Kuznechiklar panjaradan oshib o‘tib, elchixona hududini tark etishdan bosh tortishgan.

2022 yil iyun oyi boshida Kuznechiklar Latviyaga qochib ketishgani ma’lum bo‘ldi - ular yana devordan oshib o‘tgan, biroq bu safar buni chegarada amalga oshirishgan - ular Latviyadan ham boshpana so‘rashgan. Mamlakatda ikkala shaxsga nisbatan Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlarda qatnashgani uchun jinoiy ish ochilgan. 

Belarus Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz o‘tgan hafta Belarus davlat telekanali ONT efirida chiqish qilib, idora ma’lumotlariga ko‘ra, Kuznechiklarga huquq-tartibot idoralaridan yashirinishga yordam bergan shved diplomatlarining «mutlaqo munosib bo‘lmagan» xatti-harakatlari haqida gapirdi. 

Belarus davlat telekanali «Belarus 1» 1 iyun kuni shved diplomatlari, jumladan, elchi Kristina Yuxannesson belarusliklarga elchixonadan qochishga yordam bergani haqida lavhani efirga uzatdi. 

Mavzuga oid
Top