08:49 / 12.07.2022
10553

Oq uy Rossiya Eronga dronlar yetkazib berish bo‘yicha iltimos bilan chiqqanini ma’lum qildi

AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, shu oyning boshida Eron Rossiya harbiylarini so‘ralgan uchuvchisiz uchoqlarni boshqarish bo‘yicha o‘qitishni rejalashtirmoqda.

Jyeyk Sallivan / Foto: Getty Images

AQSh prezidenti ma’muriyatining fikricha, Rossiya Erondan unga «yuzlab» uchuvchisiz uchish qurilmalari, jumladan, zarba beruvchi dronlar taqdim etishni so‘ragan. Bu haqda 11 iyul, dushanba kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ma’lum qildi.

«Bizning ma’lumotlarimiz shuni ko‘rsatadiki, Eron hukumati Rossiyani tezkor ravishda bir necha yuztagacha uchuvchisiz uchish qurilmalari, jumladan, qurol olib yurishga qodir bo‘lgan jangovar dronlar bilan ta’minlashga tayyorlanmoqda», — dedi Sallivan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron dronlarni taqdim etib bo‘lganmi yoki yo‘qmi, aniq emas, ammo AQShda Eron Rossiya harbiylarini iyul oyidayoq ulardan foydalanishga o‘rgatishga tayyorlanayotgani haqida ma’lumot bor. 

Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiyaning Ukrainani ommaviy bombardimon qilishi, garchi mamlakat sharqida mustahkam o‘rnashib olishga olib kelgan bo‘lsa-da, Rossiya qurol-yarog‘ zaxiralariga «ziyon keltirayotganiga» dalil bo‘lib xizmat qiladi.

AP agentligi xabariga ko‘ra, Oq uy bu ma’lumotni prezident Jo Baydenning Isroil va Saudiya Arabistoniga safari arafasida ommaga oshkor qilishga qaror qilgan. «AQShning ikki davlatning asosiy mintaqaviy raqibi Rossiyani qayta qurollantirishga yordam berilayotganini ochiq e’lon qilish qarori Isroil ham, Saudiya Arabistoni ham o‘zlarining ichki manfaatlaridan kelib chiqib, Rossiyani bosqinchiligi uchun jazolash bo‘yicha global sa’y-harakatlarga qo‘shilmayotgani bilan bog‘liq», - deb yozadi agentlik.

Top