19:27 / 13.07.2022
3216
Shri-Lanka bosh vaziri mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Gotabaya Rajapaksa 13 iyul kuni prezidentlikdan iste’foga chiqishini rasman e’lon qilishini bildirgandi. 

Foto: Getty Images

Shri-Lanka prezidenti Gotabaya Rajapaksa bosh vazir Ranil Vikramasingheni mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinladi.

«Prezident vazifasini bajaruvchi bosh vazir mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi va g‘arbiy provinsiyada komendantlik soati joriy etdi», — deb ma’lum qildi Vikramasinghening kotibi Dinuk Kolombaj.

Shuningdek, Shri-Lanka prezidenti vazifasini bajaruvchi Vikramasinghe xavfsizlik kuchlariga tartibsizliklar uyushtirgan barchani qo‘lga olish  va norozilik bildiruvchilarni tashuvchi transport vositalarini musodara qilishga buyruq berdi.

Shu bilan birga, Kolomboda yuzlab namoyishchilar prezident vazifasini bajaruvchining iste’fosini talab qildi. 

Rajapaksaning o‘zi 13 iyul kuni prezidentlikdan iste’foga chiqishini rasman e’lon qilishini bildirgandi. 

Shri-Lankadagi ommaviy tartibsizliklar may oyida so‘nggi 70 yildagi eng yomon iqtisodiy inqiroz fonida boshlangan. 9 iyul kuni namoyishchilar mamlakatning eng yirik shahri Kolombodagi prezident qarorgohiga bostirib kirishga harakat qilishdi.

Mavzuga oid
Top