13:59 / 14.07.2022
20822

«Barselona» o‘zgarmoqda. Xavi yangi asosiy tarkibni to‘plashi mumkin

Kataloniyaliklar moliyaviy muammolardan aziyat chekmoqda, ammo ular so‘nggi yillardagi eng keng qamrovli qayta qurishni rejalashtirgan.

Foto: Getty Images

Agar «Barselona» rejadagi barcha transferlarni amalga oshira olsa, keyingi mavsumda asosiy tarkib 2/3 qismga yangilanadi. Mundo Deportivo «Barsa» yangi futbolchilar uchun 200 million yevro sarflashga tayyor ekanini yozgan edi. Shu bilan birga, klub «bizda pul yo‘q, ammo hozircha mahkam turibmiz» qabilida ish tutmoqda.

«Frenki de Yong - «Barselona» futbolchisi. Shoshilinch zarurat bo‘lmasa, u sotilmaydi», dedi prezident Joan Laporta. Bu esa ehtimoliy sotuvchilarga ishora: iltimos, vaziyatni tushuning va futbolchingiz uchun ko‘p pul so‘ramang.

«Barselona» bir necha yaxshi futbolchilarni tekin oldi, pul faqat o‘tish bilan bog‘liq xarajatlarga sarflandi.

Jamoaga kelgan futbolchilar:

Frank Kessie, yarimhimoyachi, erkin agent sifatida keldi. «Milan»ning chempionlik tarkibida muhim element. U zaxirada o‘tirish uchun kelmagani aniq. Kessie o‘ziga xos kamtarinligi va qo‘polligi bilan asosiy tarkibdagi joyga hali loyiq emasligini ta’kidladi: «Chiroyli so‘zlar uchun emas, mashg‘ulotlardagi mehnat natijalariga qarab maydondagi joy olinadi. Qarorni murabbiy qabul qiladi».

Andreas Kristensen, markaziy himoyachi, erkin agent sifatida keldi. U ham «Chelsi»dan zaxirada qolish uchun kelmadi.

Usmon Dembele - qolish uchun ketgan edi. U yangi shartnomani imzolaydigan bo‘ldi.

Muzokara rejimida:

Rafinya Dias

«Lids»ning hujumkor futbolchisi uchun «Chelsi» va «Arsenal» bilan raqobatlashishga to‘g‘ri keldi. Kataloniyaliklar, har doimgidek, kamroq xarajat qilishni ko‘zlamoqda. Insayder Fabritsio Romanoning ta’kidlashicha, «Barsa» transfer uchun 58 million yevro va yana 10 million yevro bonus sifatida bermoqchi. Premer-liga klublari bundan ko‘proq pul to‘lashga tayyor edi, ammo Rafinyaning o‘zi va uning agenti Deko (sobiq «Barsa»chi) Ispaniya variantini ma’qul ko‘rmoqda.

«Chelsi» esa Rahim Sterling bilan shartnoma imzolaganidan so‘ng, Rafinya uchun kurashdan chiqdi.

Foto: Getty Images

Robert Levandovski

«Barsa»ning yozdagi asosiy maqsadi, muzokaralar olib borilayotganini Laporta ham tasdiqladi. Biroq, «Bavariya» pulga juda muhtoj emas. Myunxen bemalol: «Levandovski shartnomani oxirigacha o‘ynaydi», deb o‘zini xotirjam tutishi mumkin. «Bavariya» 50-60 million yevro talab qilmoqda va zudlik bilan. Bu esa maoshlarni kamaytirish istagida bo‘lgan «Barselona» uchun katta muammo.

Ammo, kataloniyaliklar shartlarni qabul qilishga majbur. Chunki, «Barselona»da bunday darajadagi futbolchi yo‘q. Per-Emerik Obameyang «faoliyatini qaytadan boshladi» va yarim mavsumda La Ligada 11 ta gol urdi. Ammo yangi mavsumga yolg‘iz u bilan kirish shubhali. Albatta, «afsona» Martin Breytueyt haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Sezar Aspilikuyeta va Markos Alonso

«Chelsi»dan ketishga tayyor bo‘lgan ikki futbolchi bilan «Barsa» qanotlarni yangilamoqchi. Muzokaralar klubning yangi xo‘jayini Todd Bouli darajasida o‘tkazilmoqda. Ikkala transferning ham ehtimoli yuqori.

Foto: Getty Images

Insayderlar darajasida:

Jyul Kunde

«Sevilya» himoyachisi «Barsa»da o‘ynashni orzu qiladi, lekin u haqiqatan ham unga kerakmi yoki yo‘qmi, shuningdek, klubning moliyaviy ahvoli qay darajada ekanligiga shubha qilmoqda. «Barselona» uni qo‘lga kiritishdan xursand bo‘lar edi, ammo «Sevilya» 60 million yevro talab qilyapti.

Nikolas Talyafiko

Alonso bo‘yicha muzokaralar natija bermasa, Talyafiko zaxira varianti bo‘lishi mumkin. Uni 4-5 million yevro evaziga sotib olish mumkin, bu narx «Barselona»ga yoqadi. Ammo himoyachi kataloniyaliklarni kutmasdan, «Lion»ga o‘tib ketishi ham mumkin.

Kalidu Kulibali

U «Napoli»ni tark etishga qaror qildi va o‘zi «Barselona»ga o‘tishni xohlayotganga o‘xshaydi. «Napoli» rahbariyati unga 5 yillik yangi shartnoma va faoliyatini yakunlagach, klub tizimida ish ham taklif qilgan edi. Kulibali bunga rozi bo‘lmadi.

Asosiy muammo – bu raqobat. «Yuventus» agar de Ligt «Bavariya»ga o‘tib ketsa, Kulibalini olmoqchi bo‘lib turibdi. «Chelsi» esa 2027 yilgacha mo‘ljallangan shaxsiy shartnomani kelishib qo‘ygan va «Napoli»ga 38 mln yevro berishga tayyor.

Bernardu Silva

«Ko‘k-anorranglilar» tarkibida to‘p tepishni istayapti, hatto bolalikdagi orzusi ham bor edi: «yangi Messi» bo‘lish, «o‘ninchi raqam» ostida o‘ynash.

Ammo bu yerda qiyinchiliklar ko‘proq: «Man Siti» Bernardu bilan 2025 yilgacha mo‘ljallangan shartnomani bekor qilmoqchi emas, portugaliyalik esa Levandovski yo‘rig‘i bo‘yicha o‘ynashni istamaydi. Shu asnoda, agar transfer jiddiy muhokama qilinadigan bo‘lsa, ko‘p pul sarflashga to‘g‘ri keladi. «Siti» 80-100 mln yevro talab qilmoqda, bu esa «Barsa» uchun dahshatli tush.

Natija qanday bo‘ladi?

«Barselona»ning o‘tgan mavsumdagi asosiy tarkibidan to‘rt nafar futbolchi qolishi mumkin. Ular orasida faqat uch nafari asosiy tarkibning metin o‘yinchilari: Mark-Andre Ter Stegen, Pedri va Ferran Torres. Ammo Ferran o‘rnini Ansu Fati ham egallashi mumkin.

Agar asosiy transferlar amalga oshsa, tarkib qanday bo‘ladi? Xavi deyarli yangi futbolchilar bilan ishlashga majbur bo‘ladi. Bu o‘zini oqlaydimi?

Top