19:21 / 14.07.2022
18629

Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda shisha tola ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi

“Falk Porsche Fiberglass” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi tomonidan dunyoda sanoqli, Markaziy Osiyoda esa yagona bo‘lgan shisha tola ishlab chiqaruvchi zavod Turonbank ko‘magida ishga tushdi.

Foto: Falk Porsche Fiberglass

Dronlar ishlab chiqarish, avto, temiryo‘l va avia sanoat, yo‘l hamda ko‘priksozlik, shuningdek yana yuzlab strategik ahamiyatga ega maqsadlar uchun eng noyob nanotexnologiya hisoblangan xomashyolar, aynan mana shu zavodda ishlab chiqariladi. Ya’ni hozirga qadar jahonning sanoqli davlatlarida mavjud shisha tolasidan kompozit materiallar tayyorlash obekti endi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshladi.

Zavodning ochilish marosimida qayd etilganidek, mazkur yangi avlod zavodi mamlakatimiz sanoat bozori va maydoni uchun yangilik bo‘lib, «O‘zglaszayden» korxonasining reinjiniring qilinishi natijasida Markaziy Osiyoda yagona loyiha sifatida, 21,4 mln yevro miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya asosida “Deutsche Kabel AG Tashkent” va “Turonbank” ATB hamkorligida tashkil etildi.

Zavod rahbari Ulug‘bek Ismoilovning aytishicha, shishatolani ishlab chiqarishda mahalliy mahsulotlardan foydalanilmoqda.

“Loyiha bo‘yicha ishlar davlatimiz rahbarining 2019 yil “Shisha tola, shisha tolali buyumlar, kompozit materiallar, energiya tejamkor isitish asbob-uskunalari va energiya tejashning zamonaviy tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng boshlandi. Shishatolani ishlab chiqarish uchun o‘zimizning mahalliy kaolin, ohaktosh, natriy sulfat va kolemanitdan aralashma tayyorlanadi va 1550 gradusda qizib turgan maxsus qozonlarda eritiladi. Ayni vaqtda kuniga 40 tonna shisha tayyorlash imkoniyati mavjud. Bu issiqlik qozonlari Germaniya texnologiyasi hisoblanib, 40 foizgacha gazni tejashga ko‘maklashadi. Zavod rahbari bilan suhbatimiz davomida shuni ham bilib oldikki, bu shisha tolalarning noyobligi uning vazni va mustahkamligi bilan ham bog‘liq ekan. Tasavvur qilib ko‘ring, inson sochi taxminan 100 mikron o‘lchamda belgilansa, bu xomashyo undan qariyb 7 barobar ingichka ya’ni, atigi 13 mikronni tashkil qilar ekan. Ammo zichligi va bardoshliligi bo‘yicha temirdan bir necha 10 barobar mustahkam”, - deydi Ulug‘bek Ismoilov.    

Toshkent shahridagi Olmazor kichik sanoat zonasida joylashgan 2,5 gektarlik yangi avlod zavodining texnologik jarayonlari bilan yaqindan tanishish davomida barcha bosqichlar to‘liq avtomatlashganligi, laboratoriya ishlari eng so‘nggi rusumdagi uskunalar yordamida olib borilishiga guvoh bo‘lish mumkin.

Hozirning o‘zidayoq bu yerda 400 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, ularning aksariyat qismini yoshlar tashkil etmoqda. Shuningdek, zavod ishchi-xodimlarining 40 foizi xotin-qizlardan iborat.

“Falk Porsche Fiberglass” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi to‘liq quvvat bilan ishga tushganda yiliga 13 ming tonna shisha tolasi, 6 ming tonna kompozit material va polimer qoplamalar ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Eksport esa taxminan yiliga 10 mln yevrodan ortiq bo‘lishi kutilyapti.   

Ayni vaqtda jahon miqyosida shishatolasiga bo‘lgan talab yuqori ekanligi inobatga olinsa, bu nanotexnologiyaning sanoat shaklida rivojlanishi O‘zbekiston eksport salohiyatining yanada yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etishi turgan gap. Chunki global dunyoning yaqin kelajakdagi o‘zgarish va chaqiriqlari minimal, kamxarj va chidamli materiallarning ommalashishiga zamin yaratadi.  

Reklama huquqi asosida

Top