12:20 / 15.07.2022
11541

Metan gaz narxini oshirishning obektiv sabablari yo‘q - Energetika vazirligi

Energetika vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda gaz quyish shoxobchalarida narxlar oshishi haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 iyulda qabul qilingan 387-son qaroriga ko‘ra, gaz quyish shoxobchalari uchun mahsulotlarni sotish narxlari oshmagan va bir xil darajada saqlanib qolgan. Ushbu qaror bilan VMning 2022 yil 30 iyundagi 348-sonli qarori bekor qilingan.

«Shu munosabat bilan, AGTKShlarida avtotransport vositalariga yonilg‘i quyish uchun ishlatiladigan metan narxini oshirishning obektiv sabablari yo‘q», deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tilishicha, Energetika vazirligi va boshqa davlat tashkilotlari AGTKShlarning narx siyosatiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega emas.

«Chunki AGTKShlar bozor sharoitida faoliyat yuritadi va talab va taklifga qarab narxlarni o‘zlari shakllantiradi», deya yakunlangan Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lumoti.

Top