19:12 / 15.07.2022
7209
Prokuratura organlarining faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilindi

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida prokuratura, bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirokida bosh prokuratura hay’atining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Foto: Bosh prokuratura

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan hay’at majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2022 yil 1-yarmidagi faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilindi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, hay’at majlisida bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘tgan yarim yilda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga birma - bir to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Bosh prokuratura

Qayd etilishicha, o‘tgan yarim yilda prokuratura organlari tomonidan 60 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 100 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 636 mlrd. so‘mlik zararning undirilishi ta’minlangan.

Bevosita prokurorlar sa’y - harakati bilan qisqa muddatda 160 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama ko‘mak berilgan, qariyb 172 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan.

Shu bilan birga, mavjud muammolarni bartaraf qilish borasida ayrim hududlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid qilinib, tadbirlarni yanada jonlantirish, ayniqsa, “Mahallabay” ishlarni samarali tashkil etish, tegishli daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab - quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yo‘nalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 2 ming nafardan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 10 ming nafardan ortig‘iga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashilgan.

Yig‘ilishda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib, bu borada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 3495 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallanganligi, 1830 gektar zaxirasiga qaytarilishi ta’minlanganligi, shuningdek, 12487 gektar yer maydonlarini talon-toroj qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 574 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligiga urg‘u berildi.

Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish borasidagi muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.

Sudda prokuror vakolatini samarali ta’minlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan o‘z muddatida munosabat bildirib borish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi. 

Yig‘ilishda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati haqida ham so‘z yuritildi. 

Hay’at majlisida mas’ullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi.

Hay’atda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Top