11:05 / 15.07.2022
6160
Qo‘yliqda elektr uzatish konstruksiyasidan o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘lgan erkak qutqarib qolindi

Joriy yilning 10 iyul kuni Bektemir tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga Qo‘yliq bozori hududida noma’lum shaxs o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, noma’lum erkak kishi bozor hududida joylashgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish metall konstruksiyasining yuqorisiga chiqib, 32 metr balandlikdan o‘zini pastga tashlashi bilan tahdid qilgan. 

Qayd etilishicha, hodisa joyiga Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda tez tibbiy yordam xizmatlari xodimlari yetib borgan. 

«Birinchilar qatorida yetib kelgan hududiy profilaktika inspektori, katta leytenant Ulug‘bek Abdanbekov vaziyatga tezda baho berib, o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘lgan fuqaro bilan muloqotga kiradi va o‘z hayotini xatarga qo‘yib yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Biroq, fuqaro turli xil talablar qo‘yib, o‘z xatti-harakatlari bilan xodimda shubha uyg‘otadi», deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Ulug‘bek Abdanbekov fuqaro bilan muzokaralar davomida, temir konstruksiya quyosh nurlari ostida qizib, uning qo‘llarini kuydira boshlagani sababli, soyali joy qidirayotganini ko‘rgan. Inspektor elektr uzatish liniyasi ustuniga chiqishni davom ettirgan va fuqaroning pastga tushishiga yordam berib, uning hayotini saqlab qolgan.

Surishtiruv davomida, 49 yoshli G‘.M. bir kun avval do‘stlari bilan spirtli ichimliklar iste’mol qilib, bozorga qanday va nima uchun kelganini, elektr ustunga nima sababdan chiqib olganini eslay olmasligini ma’lum qilgan.

 

Top