09:55 / 15.07.2022
7783
Rossiya Farg‘ona aeroportini modernizatsiya qilish va O‘zbekistonda aviakompaniya tashkil etishni rejalashtirmoqda

Farg‘ona viloyati hokimi Rossiyaning “Aeroporty Regionov” shirkati vakillarini qabul qildi. 

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Sergey Krasnov boshchiligidagi Rossiyaning yirik “Aeroporty Regionov” holdingi vakillarini qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar bermoqda.

Uchrashuvda rekonstruksiya va modernizatsiya qilish orqali Farg‘ona aeroportini rivojlantirish istiqbollari hamda “Aeroporty Regionov” holdingining bu jarayonda ishtiroki imkoniyatlari muhokama qilindi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlari hamda qo‘shni mamlakatlar chegaradosh viloyatlari aholisi sonini hisobga olganda, Farg‘ona shahri aeroportini kengaytirish hamda modernizatsiya qilish istiqbolli loyiha ekani qayd etildi. 

Kelgusida Farg‘ona aeroportini Yevropa va Osiyo o‘rtasida xalqaro tranzit tuguniga aylantirish, qo‘shimcha kargo terminali barpo etish orqali yuk tashish hajmini oshirish imkoniyatlari yuqori baholandi. Farg‘ona vodiysi viloyatlari uchun yagona yirik aeroport qurish loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.

“Aeroporty Regionov” holdingi tomonidan O‘zbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan, o‘rta masofaga mo‘ljallangan Sukhoi Superjet 100 samolyotlari bilan mahalliy reyslarda xizmat ko‘rsatuvchi aviakompaniyani Farg‘ona aeroportida joylashtirish bo‘yicha o‘zaro pozitsiya ishlab chiqiladi.

Rossiyaning Rostov, Yekaterinburg, Nijniy Novgorod, Samara, Saratov, Tobolsk, Noviy Urengoy va Petropavlovsk-Kamchatsk shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni kompleks rivojlantirish dasturi orqali o‘z investitsiyalari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiyasini amalga oshirib, boshqarib kelayotgan “Aeroporty Regionov” holdingi bugungi kunda ushbu aeroportlarda yillik 16 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. 

“Aeroporty Regionov” holdingi shuningdek “Novaport Holding” bilan hamkorlikda Rossiyadagi kichik hududiy aeroportlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan “Aeroporty Bolshoy Strany” loyihasini ham amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha hozirda 6 ta aeroportni o‘zida jamlab, yillik 2,6 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish darajasiga yetgan.

Mavzuga oid
Top