15:35 / 15.07.2022
10892
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Samarqandda Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Samarqandga tashrifi Islom Karimov maqbarasi ziyoratidan boshlandi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u davlat rahbari hamrohligida majmuaga borib, birinchi prezident qabriga gul qo‘ydi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi.

Turkmanistonlik mehmonlar Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasini borib ko‘rdi. Ushbu majmua buyuk olim qurdirgan rasadxona yonida tashkil etilgan. Muzey ikki zal va olti bo‘limdan iborat. Undan Mirzo Ulug‘bek davriga oid yuzdan ziyod ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobi o‘rin olgan. 

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi. Mehmonlarga buyuk sohibqironning hayoti, sarkardalik mahorati, ulkan davlati haqida so‘zlab berildi. 

Davlat rahbarlari Registon majmuasiga tashrif buyurdi. Majmuadagi uch muhtasham obida – Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalari tarixi haqida so‘zlab berildi. Xalq me’morchilik an’analari, maqbaralardagi naqshlar va ma’nolar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov shu yerda esdalik uchun suratga tushdi, deyiladi rasmiy xabarda. 

Top