21:41 / 17.07.2022
80493

Ukraina HIMARS bilan Rossiyaning asosiy ustunligini yo‘qqa chiqarmoqda. Rossiya armiyasi unga chora topishi mumkinmi?

HIMARS Donbassda / Anastasia Vlasova / The Washington Post / Getty Images

Rossiya qo‘mondonligi Donbassda uch oy ichidagi ilk operativ muvaffaqiyatini nishonlashga ulgurmasidan, ukrain armiyasi raqibni vayrongarchilik urushining og‘ir kundalik hayotiga qaytardi. Rossiya artilleriya borasidagi ustunlik evaziga (G‘arb baholariga ko‘ra, stvollar soni bo‘yicha ham, bir qurolga zaxira snaryadlar miqdori bo‘yicha ham bir necha barobar ustunlik kuzatilgan) muvaffaqiyatga erishgandi. Ukraina qo‘mondonligi bu ustunlikni qisqartirish imkonini topdi — G‘arb yetkazib bergan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari va u orqali qo‘llanadigan yuqori aniqlikdagi raketalar vositasida. Zarbalar Rossiya harbiy mashinasining eng zaif qismiga — logistikaga berilmoqda. Endi Rossiya qo‘mondonligi Donbass va Xersondagi guruhlar uchun ta’minot tizimini qaytadan qurishi talab etiladi; va mobilizatsiyasiz buni uddalashning imkoni bo‘lmasligi mumkin.

«Meduza» Ukrainaga Rossiyaning artilleriya borasidagi ustunligini qisqartirishda qo‘l kelayotgan HIMARS tizimi imkoniyatlari va Rossiya armiyasi unga qarshi turish uchun qanday choralar ko‘rishi mumkinligi haqida material tayyorladi.

Lisichanskni egallash hali yakuniga yetmasdan ukrain harbiylari Rossiya armiyasi nazoratidagi ichkari hududlarda joylashgan artilleriya uchun o‘q-dorilar joylashtirilgan omborlarga zarba bera boshladi. Yigirmaga yaqin yirik omborlar portlatib yuborilgan — ularning aksarida snaryad va raketalar zaxirasi to‘lig‘icha yo‘q bo‘lgan. Ularning barchasiga (yoki qariyb barchasiga) front liniyasidan 40-80 kilometr masofadan turib Ukrainaga AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan yetkazib berilgan HIMARS va M270 (biri g‘ildirakli, ikkinchisi gusenitsali) baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan yuqori aniqlikdagi raketalar bilan zarba berilgan. Bu hujumlarga javob qaytmagan: baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yo‘q qilinganiga oid dalillar yo‘q.

Shu tariqa, Ukraina qo‘mondonligi shularni namoyish etdi: 

  • Uzoq masofaga va aniq otuvchi qurollarga ega va ulardan foydalana oladi.
  • HIMARS yetkazib berilguncha yetishning imkoni bo‘lmagan nishonlarni topishi mumkin.
  • Rossiya armiyasining oldingi chiziqdagi qismlarining butun logistika tizimi va uning artilleriya kuchidagi ustunligini xavf ostida qoldirishi mumkin.

HIMARS sovetlarning tizimlaridan nimasi bilan farqlanadi?

Tizim bu urushda Rossiya va Ukraina tomonidan foydalanilayotgan sovetlar davriga mansub baravar o‘t ochish tizimlaridan («Grad», «Uragan» va «Smerch») uchta asosiy afzallikka ega:

  • Birinchidan, HIMARS uchun standart raketalar — GMLRS — GPS bo‘yicha yo‘naltirish tizimiga ega bo‘lib, bu ularni sovetlarning raketalariga qaraganda ancha aniqroq harakatlantiradi. GMLRS’ning nishondan og‘ish aylanasi atigi bir necha metrni tashkil etadi, «Uragan»da esa bu ko‘rsatkich 200 metrga teng (35 kilometr masofaga otilganda). Shu tariqa, HIMARS obektni kamroq raketa sarflagan holda aniq nishonga olishi mumkin, shuningdek, bu raketa mustahkamlangan nishonni (masalan, betonli) yo‘q qilish uchun kuchli unitar portlovchi-parchalanuvchi jangovar kallaklardan foydalanish imkonini beradi, «Uragan» esa odatda jonli kuch va yengil zirhli texnikalar harakatlanayotgan katta maydonni yoppasiga o‘qqa tutish uchun kassetali kallaklarga (aniqligi past bo‘lsa-da) ega raketalardan foydalanadi.
  • Bir otishda kamroq raketalar uchirilishi (6 dona GMLRS), HIMARS’ni sovetlarning tizimlariga qaraganda yengil, ammo nisbatan zirhliroq qilish imkonini beradi. Bu himoyani ishonchliroq qiladi: uni yo‘q qilish uchun yaqin masofada katta miqdordagi o‘q-dori portlashi talab etiladi. Ya’ni uni faqat yuqori aniqlikdagi qurol bilan urish kerak.
  • Raketalar har birida olti dona raketadan iborat tayyor konteynerlarda yetkazib beriladi, bu esa tizimni qisqa vaqt ichida (bir daqiqada) qayta o‘qlash imkonini beradi. Sovet tizimlari esa bittalab o‘qlanadi va bunga o‘n daqiqa ketadi. Bu tizimning tezkorligiga ham, uning zarbalardan himoyalanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi (HIMARS qayta o‘qlash uchun ko‘p vaqt davomida bir joyda qolishi shart bo‘lmaydi).

Samarali otish masofasi (85 kilometrgacha) bo‘yicha HIMARS (227 millimetr kalibrli) ancha og‘ir va u qadar mobil bo‘lmagan «Smerch»ga (300 millimetr kalibrli) mos keladi — va «Uragan»dan (200-210 mm kalibrli) ustunlik qiladi. Shu bilan birga, 70 kilometrga otilganda «Smerch»ning aniqligi ham HIMARS’nikidan ortda qoladi — og‘ish aylanasi 150 metr atrofida bo‘ladi. Shu tufayli «Smerch», xuddi «Uragan» kabi kassetali kallaklardan foydalanadi.

Rossiya harbiy-sanoat kompleksi HIMARS’ning muqobilini ishlab chiqqan («Smerch» o‘lchamlarida) — bu boshqariluvchi 9M544 raketalariga ega «Tornado-S» hisoblanadi. Ammo bunday raketalar aniqlikda GMLRS’ga yaqinlasha olmaydi, chunki inersial boshqaruv tizimidan foydalanadi. Qolaversa, bunday raketalar Rossiya armiyasida ko‘p emas, GMLRS raketalari esa 40 ming donadan ortiq ishlab chiqarilgan.

Marokashdagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida HIMARS qurilmasi qo‘llanishi. 2021 yil
Fadel Senna / AFP / Scanpix / LETA

Natijada Amerika va sovetlarning baravar o‘t ochish tizimlari turlicha qo‘llash taktikalarini taqozo etadi. HIMARS nisbatan uzoq masofali operativ-taktik raketaning muqobili sifatida qo‘llanishi mumkin (lekin «Iskander»chalik emas). Sovetlarning baravar o‘t ochish tizimlari esa kassetali snaryadlari bilan uzoq masofadagi «yumshoq» nishonlar va maydon bo‘yicha ishlashi mumkin.

Ukraina qo‘mondonligi nishon sifatida nega aynan o‘q-dori omborlarini tanladi?

Omborlar yagona nishonlar emas. Masalan, katta ehtimol bilan GMLRS orqali zarba berilishi oqibatida 11 iyul kuni 20-gvardiya motoo‘qchilari diviziyasi komandiri, polkovnik Aleksey Gorobets va uning shtabidagi bir necha ofitserlar halok bo‘lgan.

Ammo o‘q-dori omborlari Ukraina baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun ustuvor vazifa bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi:

  • Rossiya armiyasining Donbass, Xarkiv, Xerson va Zaporijjya oblastlaridagi front chiziqlaridagi asosiy ustunligi artilleriya soni va ular uchun o‘q-dorilarni yetkazib berishning yaxshi tashkil etilganida edi. Snaryadlar temiryo‘l orqali front chizig‘iga bir necha o‘n kilometr masofadagi omborlarga yetkazib berilgan, bu omborlardan esa kuniga bir necha marta avtotransport orqali oldingi chiziqdagi artilleriya qismlariga tashib borilgan. Rossiya guruhlari artilleriyasi Ukraina pozitsiyalariga tanaffussiz o‘t ochishi mumkin, jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar yetkazmaydigan, lekin qo‘shinlarning moddiy-texnik bazasini yo‘q qiladigan va ularni manyovrlar qilish imkoniyatidan mahrum etadigan zarbalar ham berilishi mumkin. Shu vaqtgacha ukrain armiyasi bunday artilleriya konveyeriga qarshi hech narsa qila olmayotgandi, endi esa ularda Rossiya armiyasi ustunligini kamaytirish imkoniyati yuzaga keldi.
  • Omborlar, ukrainlarning o‘z artilleriyasi imkoniyatlaridan farqli o‘laroq GLMRS xususiyatlariga to‘la mos keladi: ularning koordinatalari ma’lum va o‘zgarmaydi (raketalar esa geografik koordinatalar bo‘yicha boshqariladi), omborlarning joylashuvini josuslik tarmoqlari orqali ham, texnik vositalar bilan ham (masalan, Amerika sun’iy yo‘ldoshlari) oson aniqlash mumkin. Temiryo‘l bo‘ylaridagi har kun o‘nlab yuk mashinalari qatnaydigan inshootlarni maxfiy tutishning imkoni yo‘q.

Bu Ukraina armiyasi hal qiluvchi ustunlikka ega bo‘lganini anglatadimi?

Katta ehtimol bilan, hal qiluvchi ustunlikka erishishga hali juda uzoq. Hozircha aytish mumkinki, Ukraina qo‘mondonligi vayronkorlik urushida kuchli qurolga ega bo‘ldi. Ammo omborlarning bombardimon qilinishi Rossiya armiyasi imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatadi deyish qiyin: bu hujumlar Lisichansk uchun janglar yakunlangach, kuchlarni qayta to‘plash davriga to‘g‘ri kelmoqda. Katta ehtimol bilan, bo‘linmalarning  bir qismi (jumladan artilleriyachilar ham) boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazilmoqda, shuning uchun artilleriyadan foydalanish intensivligi pasayishi faqatgina snaryadlar yetishmovchiligi va omborlar portlatilishi bilan bog‘liq emas.

Nova Kaxovka sanoat zonasidagi qurol-yarog‘ ombori portlashdan oldin. 2022 yil 11 iyul
Planet Labs PBC / AFP / Scanpix / LETA
Nova Kaxovka sanoat zonasidagi qurol-yarog‘ ombori portlashlardan keyin. 2022 yil 12 iyul
Planet Labs PBC / AFP / Scanpix / LETA

Shunisi aniqki, Rossiya armiyasi HIMARS va M270 tizimlari joylashuvini aniqlab, ularga aniq zarbalar berish hamda logistika tizimini o‘zgartirish uchun katta resurslar sarflashi talab etiladi — shu bilan birga muvaffaqiyat kafolatlanmagan bo‘ladi.

Rossiya armiyasi bu tahdidga qarshi nima qila oladi?

Umuman olganda ikkita javob varianti bor:

  • Ukraina armiyasining kam sonli zamonaviy baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini yo‘q qilishga harakat qilish.
  • Omborlarni zarba tahdidi ostidan olib ketish yoki bu zarbalar samarasini kamaytirish uchun oldingi chiziqdagi omborxonalar hajmini kichraytirish.

Ikki variant ham Rossiya armiyasi uchun katta qiyinchiliklar keltirishi tayin.

Front chizig‘idan o‘nlab kilometr ichkaridan turib zarba berishi mumkin bo‘lgan, yaxshi himoyalangan hamda harakatchan 20 dona baravar o‘t ochish reaktiv tizimini (Ukrainaga iyul oyi oxirigacha jami shuncha HIMARS va M270 yetkazib berilishi rejalashtirilgan) yo‘q qilish ham — Rossiya armiyasi uchun qariyb uddalab bo‘lmas topshiriqdir.

  • Ularning mobilligi va yaxshi himoyalangani, shuningdek, ular raqibning front ortidan turib harakatlanishi mumkinligi (bu holatda razvedka olib borish va tezda nishonni belgilash oson bo‘lmaydi) tufayli artilleriya bilan bunday nishonlarga aniq zarba berish juda qiyin. Agar HIMARS’larning ukrain operatorlari xatoga yo‘l qo‘ymasa, bu tizimlarni Rossiya artilleriyasi bilan yo‘q qilish imkoni deyarli yo‘q.
  • Bunday vazifani yerdagi nishonlarni aniqlash va hududni doimiy ravishda monitoring qilib turish tizimlariga ega aviatsiya bilan uddalash mumkin. Ammo bu urushning ilk davri ko‘rsatdiki, Rossiya aviatsiyasi front chizig‘idan ichkarida doimiy harakatlana olmaydi, bu holda raqibning havo hujumidan mudofaa tizimlariga osongina o‘lja bo‘lish mumkin.

Omborlarni zarba ostidan olib ketish uchun logistika tizimini o‘zgartirish ham juda qiyin ish.

  • Oldingi chiziqdagi omborlarni HIMARS zarbasi yetib boradigan hududdan, ya’ni front chizig‘idan 90 va undan ortiq kilometr masofaga qaytarish mumkin. Ammo bu oldingi chiziq ta’minotini karrasiga yomonlashtiradi. Gap shundaki, o‘q-dorilar Rossiyadan harbiy harakatlar hududiga temiryo‘llar orqali yetkazib beriladi. Ukraina janubi va sharqidagi stansiyalarda ular askarlar qo‘li bilan yuklanadi (Rossiya armiyasida maxsus yuklovchilar va kranlar yo‘q) va stansiyalar yaqinidagi omborlarga joylashtiriladi. Bunday omborlardan esa oldingi chiziqqa boruvchi yuk mashinalariga yuklanadi. Snaryadlar mashinalarga yana askarlar qo‘li bilan yuklanadi. Batareya paketini yuklash bir necha soat vaqt olishi mumkin. Yana bir necha soat yuk mashinalari kolonnasi front chizig‘iga qadar 40-60 kilometr masofani bosib o‘tishi uchun ketadi; yukni tushirish va ortga qaytish uchun yana bir necha soat sarf bo‘ladi. Omborlar frontdan 40-60 kilometr masofada bo‘lganida yuk mashinalar kuniga ikki reys qatnash imkoniga ega bo‘ladi, agar masofa 90 va undan ortiq kilometrga uzaysa, bir kunda faqat bir reysga imkon bo‘ladi. Rossiya armiyasida yuk mashinalari sonini ikki barobar oshirish imkoni yo‘q: ularning soni urushga qadar ham kam edi, fevral va mart oylarida mingdan ortiq yuk mashinalari yo‘qotilishidan keyin esa mashinalar taqchilligi yuzaga kelgani tayin. 
  • O‘q-dorilarni omborlar bo‘ylab tarqatib yuborish (bitta yirigidan — ko‘plab kichiklariga) samarali vosita bo‘ladi. Omborlarga raketa zarbalari muammosini Ukraina armiyasi aynan shunday hal qilgan. Ammo ukrain logistiklarining vazifasi ancha kichikroq ko‘lamda (o‘q-dorilar miqdori Rossiyanikidan ancha kam, ularni ancha kam qurollar uchun taqsimlash talab etiladi). Rossiya armiyasi xuddi shunday ishni umumiy safarbarliksiz uddalashi juda qiyin bo‘ladi: tinch zamonda frontorti, logistika va saqlash bo‘linmalari asosan muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar bilan to‘ldirilgan, undaylarni esa hamon harbiy harakatlar hududiga yuborish mumkin emas. Harbiy harakatlar hududida moddiy-texnik ta’minot bilan, aftidan, guruh qo‘mondonligiga bo‘ysunuvchi va shartnoma asosida xizmat qiluvchi maxsus qismlar shug‘ullanadi. Donbassda ularga snaryadlarni yuklashda mahalliy aholi vakillari va Rossiyadan kelgan ko‘ngillilar yordam qilishdi. Katta ehtimol bilan, ishchi kuchi yetishmovchiligidan aziyat chekadigan logistika tizimini samarali ravishda markazsizlashtirish, imkonsiz: o‘q-dorilarni ko‘plab kichik omborlar bo‘ylab qayta taqsimlash vazifasi avtomatlashtirishni, aniq rejalashtirishni talab etadi — bular esa Rossiya armiyasining eng kuchli tomonlari emas.

Ammo hatto Rossiya armiyasi samaradorligi (u bilan birga — artilleriya kuchi) pasaysa ham, bu Ukraina armiyasi Rossiya yurishlarini to‘xtatishi, ayniqsa bosib olingan hududlarni tez ozod qilishi mumkinligini anglatmaydi. Snaryadlar tashilishi tezligi ikki barobar kamayishi ham Rossiya armiyasi ustunligini yo‘qqa chiqara olmaydi. Va asosiysi, baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarining o‘zi bilan hududlarni egallab va tutib turish imkonsiz. Iste’fodagi avstraliyalik general Mik Rayan aytganidek, HIMARS — bu Ukraina urushda g‘alaba qozonishi uchun kerak bo‘lgan harbiy imkoniyatlarning birgina qatlami, xolos.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top