10:26 / 18.07.2022
8378
Jizzaxda 10 ming dollar evaziga maktab qurilishini tendersiz olib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

U talab qilingan pullarni olayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Videodan kadr

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Jizzax shahrida yashovchi fuqaro Arnasoy tumani hududida dehqonchilik qilish uchun bo‘sh yer maydoni izlab yurganida quruvchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tanishi bilan uchrashib qolgan.

O‘zaro suhbatda Do‘stlik tumanida yashovchi ushbu fuqaro «Qishloq qurilish invest» MChJda ishlovchi tanishi orqali yer olib berishini, bundan tashqari, Arnasoy tumani hududida rejalashtirilgan yangi maktab binosi qurilishini tendersiz olib berishini aytgan. Xizmatlari evaziga 10 ming dollar talab qilgan.

Fuqaro maktab qurilishi va yer maydonlari ochiq elektron tanlov asosida ajratilishini bilgandan so‘ng viloyat IIBga murojaat qilgan. Shundan so‘ng viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda yer va maktab qurilishini olib berishini aytgan shaxs ariza muallifidan talab qilingan pullarni olayotganda Paxtakor tumanida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida uning hammaslagi ham qo‘lga olingan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq, fuqaroni Jizzax Politexnika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga 2 ming dollar olgan shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.

Top