09:46 / 18.07.2022
26818
Rossiya politsiyasi jurnalist Marina Ovsyannikovani qo‘lga oldi

Marina Ovsyannikova Moskvaning Krasnoselskiy tumani politsiya bo‘limiga olib kelindi, deb xabar berdi «OVD-Info». Ikki kun avval «Pervyy kanal»ning sobiq xodimi Kreml oldidagi piketga «Putin – qotil» plakati bilan chiqqan edi.

Foto: MARINA OVSYaNNIKOVA

Rossiya politsiyasi Moskva oblastida sobiq jurnalist, Pervyy kanal»ning sobiq xodimi Marina Ovsyannikovani qo‘lga oldi. Buni 17 iyul, yakshanba kuni uning Telegram-kanalida e’lon qilingan suratlar tasdiqlaydi. 

«OVD-Info» inson huquqlari loyihasiga ko‘ra, advokat ayol bilan bog‘lana olmayapti. Keyinroq huquq himoyachilari Ovsyannikova Moskvaning Krasnoselskiy tumani politsiya bo‘limida ekanligi haqida xabar berishdi. Advokat Dmitriy Zaxvatov uning oldiga yo‘l oldi.

Ikki kun avval, 15 iyul kuni Marina Ovsyannikova Kreml oldida urushga qarshi piketga chiqdi va «Putin — qotil. Uning askarlari — fashistlar. 352 bola halok bo‘ldi. Siz to‘xtashingiz uchun yana qancha bolalar nobud bo‘lishi kerak?» deb yozilgan plakatni ko‘tarib oldi. Biroq, u Sofiyskaya qirg‘og‘i bo‘yidagi miting paytida qo‘lga olinmagan. 

Mart oyining o‘rtalarida Ovsyannikova, «Pervyy kanal»da kechki yangiliklar muharriri bo‘lib ishlayotganda, «No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizga yolg‘on gapirishyapti. Russians against war» plakati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga chiqib ketgandi. Bundan oldin u videomurojaat yozib qoldirgan: «Hozir Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar jinoyatdir. Rossiya bosqinchi davlat va bu tajovuz uchun faqat bir kishi javobgar. Bu shaxs Vladimir Putindir». Natijada, Ovsyannikova miting o‘tkazishning belgilangan tartibini buzganlik haqidagi ma’muriy modda bo‘yicha, aksiya oldidan yozib olingan video tufayli 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi. 

Aprel oyi boshida Berlinda joylashgan Axel Springer mediakonserni Ovsyannikova Germaniyaning Welt yangiliklar telekanaliga ishga olinganini e’lon qildi. Uch oy o‘tgach, shartnoma tugadi va u Rossiyaga qaytib keldi. 

Germaniyaning «Ozodlik uchun OAV mukofoti» («Freiheitspreis der Medien») laureati bo‘lgan Ovsyannikovaga oxir-oqibat mukofotni topshirmaslikka qaror qilindi. May oyida u «Ijodiy norozilik uchun» Vatslav Gavel mukofotini oldi. 

Top