16:25 / 19.07.2022
35473
Istanbul – maftun etuvchi xarobalar, Samarqand – zararimizga ishlayotgan obodlik

Istanbul nafaqat Turkiya, balki dunyoning eng gavjum turizm nuqtalaridan biri hisoblanadi. Bu shahar karantindan keyin yana sayyohlar bilan to‘lib toshgan, har bir go‘shasida navbatlar hosil bo‘lgan.

Foto: KUN.UZ

Bu muazzam shahar haqida shu qadar ko‘p va xo‘p yozilgan bo‘lsa-da, uni har bir turist o‘zicha kashf etadi. Istanbul haqida yozgan qalamkashlarning ijodiy ishlari ham bir-biridan farqlanadi. Unda kun-u tun hayot qaynab turishi, har bir nuqtasida tarix mujassamligi, moziy va ayni vaqt uyg‘unlashib ketganligi haqida ko‘p eshitganmiz. Bugun e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan jihat boshqa – Istanbulning xaroba binolari.

Bu badavlat shaharda xaroba, qarovsiz binolarning bo‘lishida mantiq yo‘qdek. Ammo ne ajabki, ular har bir ko‘chada bor va ayrimlarida bir nechtalab. Qizig‘i, aynan ular oldida hamisha hayratlanib turgan, ustma-ust suratga olayotgan sayyohni ko‘rasiz.

Bu davlatda xususiy mulk shu qadar daxlsizki, binoning egasi istasa obod qilib qayta quradi, istamasa, imkoni yo‘q bo‘lsa, shu holiga tashlab qo‘yaveradi va buning uchun hech kim e’tiroz bildira olmaydi. O‘rni kelganda O‘zbekistonda har qanday binoning tashqi qiyofasini o‘zgartirish, atrofni obod qilish bo‘yicha bir necha tashkilot kelib o‘z tavsiyalari-yu buyruqlarini berib ketishlarini eslab o‘tish lozim.

Aksariyat bunday imoratlar devoriga yo sotilishi, yo ijaraga berilishi haqida e’lonlar yozilgan bo‘ladi. Ular juda qimmat va bir-biridan keskin farqlanadi. Bizning o‘lchovimiz bo‘yicha 1 sotix yer bahosi bir necha yuz ming dollargacha chiqib ketishi mumkin. Odatda ularda bino osti maydonining o‘zi bo‘ladi, ya’ni bitta gul ekkudek, bitta stul qo‘yib o‘tirgudek yeri yo‘q. Istanbulga dastlab kelganlar juda ko‘pchilik odamlarning ko‘chalar bo‘yida, trotuarlarda choy ichib o‘tirishiga e’tibor beradi va hayron qoladi. Sababi oddiy – u odamlar tashqariga chiqish deganda ko‘chani tushunishadi, ya’ni ularda hovlining o‘zi yo‘q, bo‘lmagan!

Lekin bu binolar shaharda takrorlanmas va mutlaq o‘ziga xos manzara hosil qiladi hamda sayyohlarni ohanrabodek tortaveradi. Har bir ko‘chasidan tarix nafasi ufurib turadigan Istanbul sayyohlar kelishi bo‘yicha dunyoning eng yetakchi nuqtalari qatorida turadi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston turizmni rivojlantirishda g‘alati va samarasiz yo‘ldan ketayotganga o‘xshaydi. Bu ayniqsa obodonlashtirish, targ‘ibot va cheklovlarda juda seziladi. Gap shundaki, biz tarixiy obidalarni shahardan mutlaq ajratib, go‘yoki rastaga tomosha qilish uchun chiqarib qo‘yilgan qo‘g‘irchoqqa o‘xshatishga urinamiz. Ularning atrofi albatta o‘ralgan, chegarasi aniq va hududi daxlsiz bo‘lishi shartdek. Ya’ni turistlarga ko‘rsatiladigan tarixiy shahar boshqa-yu, bugun yashayotgan asl shahar boshqadek.

Qiyoslov uchun birinchi raqamli nuqtamiz, Samarqanddagi Registon maydoni va Istanbuldagi Sulton Ahmad maydonlarini olamiz. Har ikkisi alohida inshootlardan iborat va yakunda bitta kompleksni tashkil qiladi. Registon o‘rab olingan, atrofidagi tor ko‘chalar esa allaqachon tarix bilan xayrlashib bo‘lgan, avtomobillarga bo‘shatib berilgan. Sulton Ahmadning atrofi bo‘ylab cho‘zilib ketgan har bir ko‘chada esa Istanbul namoyon bo‘laveradi. Tosh yotqizilgan tor ko‘chalar, har biri o‘ziga xos yechimdagi uylar, do‘konlar va yemakxonalar. Alohida mavzu – masjidlar. Istanbulda masjidlar juda ko‘p – hatto 100 metr masofa oralig‘ida 3 ta masjid joylashgan ko‘chalar ham bor. Bu albatta qulaylik. Yana bir jihat bu masjidlarning har biri o‘z tarixiga ega va o‘sha tarixiy qiyofasini yo‘qotmagan. Qizig‘i, kichik maydondagi ixcham masjidlar yonida juda eski va tosh qalangan qabrlar ham saqlanib qolgan. Umuman Istanbuldagi uylar orasida 1-2 tadan qabrlar bo‘lishi oddiy hol.

Biz esa har qanday eskilik qiyofasini darhol va uquvsizlarcha tiklashga urinamiz. Masalan, Shahrisabzning tarixiy qismi xuddi yangitdan qurilgan darajaga olib kelinganidan faxrlanib yuribmiz. Xo‘sh, bu sayyohga qiziqmi o‘zi? Ko‘zlar va telefonlar chaqnashidan ko‘rinadiki, tariximiz bilan bellasha olsak-da, Istanbulning po‘panak bosgan marmar xarobalari ko‘proq qiziqdek.

Cheklovlarimiz, rasmiy bo‘lmasa-da, ichki to‘siqlarimizni alohida mavzuga aylantirsa bo‘ladi. Masalan birortamiz oddiy masjidlarimizga ajnabiy sayyoh kirib ichki manzaralar va namoz jarayonini suratga olishini tasavvur ham qila olmaymiz. Xo‘sh, shunday taqiq bormi o‘zi? Turkiyaning bu boradagi erkinliklari oddiy hol: masalan, Sulton Ahmad jomesi tun-u kun turistlar bilan gavjum bo‘ladi. Faqat Islom diniga hurmat yuzasidan kirishda liboslarga ayrim talablar qo‘yiladi va namoz paytida ibodat qilinayotgan hududga o‘tmaslik so‘raladi. Boshqa payt sayyohlar bemalol aylanib yuraverishadi. Ayni paytda masjidga aylantirilgan Ayo Sofiya kompleksiga kirish uchun esa bugungi kunda dunyoning turli nuqtalaridan kelgan odamlar kilometrlab navbat hosil qilishgan.

Odamlar-ku mayli, Istanbul maydonlarida kaptarlar, chaykalar bemalol gala-gala bo‘lib qo‘nishlari, odamlar orasida aylanib yurishlari mumkin. Itlar va mushuklar bemalol uxlayverishadi.

Turizm targ‘ibotida serxarajat loyihalar kutilgan samara bermasligi ko‘p gapiriladi. Har qanday hududni targ‘ib qiluvchilar bu birinchi navbatda shu yerga kelgan sayyohlarning o‘zidir. Ular o‘zlarining va telefonlarining xotirasida o‘sha shaharning bir bo‘lagini olib ketadi va atrofidagilarga ko‘z-ko‘z qiladi.

 

Abror Zohidov, Istanbul

Mavzuga oid
Top