09:03 / 19.07.2022
9339
Reuters: Rossiya Hindistonga neftni dirhamda sotmoqchi

«Rosneft» hindistonlik xaridorlarga neft uchun to‘lovni dirhamda amalga oshirishni taklif qilmoqda. BAA valutasi Moskva birjasida sotiladi.

Foto: Shutterstock

Rossiya Hindistondan neft sotib oluvchilar neft narxini bir qator arab davlatlarining, jumladan Birlashgan Arab Amirliklarining valutasi - dirhamda to‘lashini istayapti. Bundan maqsad G‘arb sanksiyalari ta’siridan o‘zini himoya qilishdir. Bu haqda 18 iyul, dushanba kuni Reuters  agentligi uchta manba va tegishli hujjatga tayanib xabar berdi. Agentlik tanishib chiqqan hisob-fakturaga ko‘ra, bitta Hindiston neftni qayta ishlash zavodiga neft yetkazib berish uchun to‘lov AQSh dollarida hisoblangan, Rossiya esa to‘lovni dirhamda so‘rayapti. Hujjatda aytilishicha, to‘lovlar Gazprombank hisobraqamlariga Dubaydagi vakillik banki bo‘lgan Mashreq Bank orqali amalga oshirilishi kerak. 
 
«Rosneft» tomonidan taqdim etilgan rekord chegirmalar tufayli Hindiston hozirda Rossiya neftining Xitoydan keyin ikkinchi eng yirik xaridoridir. Ketma-ket ikkinchi oydirki, Rossiya Hindiston uchun Iroqdan keyin ikkinchi yirik neft sotuvchisi hisoblanadi. 

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonning kamida ikkita neftni qayta ishlash zavodi allaqachon dirhamda to‘lovlarni amalga oshirgan. Qayd etilishicha, yaqin kunlarda yana shunga o‘xshash to‘lovlar bo‘ladi. «Rosneft» Hindistonga bir qator savdo kompaniyalari, jumladan Everest Energy va Coral Energy orqali neft yetkazib beradi. Iyul oyidan buyon bu firmalar neft uchun to‘lovni dirhamda so‘rashni boshladi, deydi manbalar. 

Moskva birjasi dirhamda savdoni boshlashga tayyorlanmoqda. O‘z navbatida, Hindiston Markaziy banki xalqaro savdo hisob-kitoblarini rupiyda amalga oshirishning yangi mexanizmini joriy qildi, ko‘pchilik ekspertlar buni G‘arb sanksiyalari ostida qolgan davlatlar bilan savdoni rivojlantirish yo‘li deb ko‘rmoqda.

Top