11:26 / 19.07.2022
16530

«Toshkentda jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechmoqda» – IIBB boshlig‘i o‘rinbosari

2022 yilning birinchi yarim yilligida Toshkentda 10 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 615 tasi ichki ishlar organlari xizmat olib boradigan hududlarga to‘g‘ri kelmoqda. Olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan poytaxtda jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechmoqda, deydi Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Murodulla Aliqoriyev.

Foto: Kun.uz

Ayni vaqtda davom etayotgan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining oltmish yettinchi sessiyasida IIBB rasmiysi «O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni ijrosi haqida axborot bermoqda.

Mutasaddining ma’lumotlariga ko‘ra, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida doimiy ravishda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga Toshkent shahrida jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechmoqda.

«Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamda olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida jami 10381 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 615 tasi ko‘cha va jamoat joylarida ichki ishlar organlari xizmat olib boradigan hududlarga to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kam.

Doimiy ravishda reydlar o‘tkazib kelinayotganligi ham jamoat xavfsizligini saqlashda yordam bermoqda. Tadbirlar davomida 5 436 nafar fuqaro tilanchilik va 19 749 nafar fuqaro daydilikda gumon qilinib, tuman IIBlariga topshirildi. Ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi», - deydi Murodulla Aliqoriyev.

Shuningdek, Toshkentda kriminogen vaziyati og‘ir, jinoyat salmog‘i yuqori bo‘lib, qizil hududga tushgan mahalla ko‘chalari tahlili asosida «102» tizimiga eng ko‘p tushadigan xabarlar bo‘yicha jami 195 ta «Jamoat nazorat maskanlari» tashkil etilgan.

Poytaxtda ushbu davrda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 13 mingdan ortiq o‘tkir tig‘li va boshqa jismlar aniqlangan.

«Shu bilan birga, 12 782 nafar shaxslarda 13 710 ta o‘tkir tig‘li va boshqa jismlar aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda hujjatlashtirildi, ularning 2868 nafariga ma’muriy tartibda chora ko‘rildi, qolgan 9914 nafari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi», - deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Top