16:40 / 21.07.2022
4144
Italiya prezidenti bosh vazir Mario Dragining iste’fosini qabul qildi

Italiya bosh vaziri Mario Dragi parlamentda hukmron koalitsiya partiyalari tomonidan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmagani uchun ikkinchi marta iste’foga chiqish haqida ariza berdi.

Foto: Global Look Press

Italiya bosh vaziri Mario Dragi 21 iyul, payshanba kuni prezident Serjio Mattarella bilan uchrashdi va unga ikkinchi marta hukumati bilan birga iste’foga chiqish niyati haqida ma’lum qildi. Prezident bosh vazirning iste’fosini qabul qildi. «Hukumat joriy muammolarni hal qilish uchun hokimiyatda qoladi», deyiladi kanselyariya bayonotida.

Italiya Senati bir kun avval Dragiga ishonch bildirdi, biroq 74 yoshli siyosatchi istalgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlovni ololmadi. Hukmron koalitsiyaga kiruvchi uch partiya – «Liga», «Besh yulduz» harakati» va «Olg‘a Italiya» partiyalaridan 182 nafar parlamentariy ovoz berishni boykot qildi. 95 senator hukumat rahbariga ishonch bildirdi, 38 nafari qarshi chiqdi. 

May oyining o‘rtalarida Italiyada hukmron koalitsiya partiyalari va vazirlar mahkamasi o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar tufayli hukumat inqirozining kuchayishi boshlandi. 14 iyul kuni «Besh yulduz» harakati» partiyasi hukumatni qo‘llab-quvvatlash uchun ovoz berishda ishtirok etishda betaraf qoldi, partiya bundan avval ham Italiya fuqarolariga inflatsiya va energiya narxining oshishi uchun moliyaviy yordam ko‘rsatishni ma’qullash uchun ovoz berishdan bosh tortgan edi. Bosh vazir bunga javoban uning hukumatini qo‘llab-quvvatlagan milliy birlik koalitsiyasi endi mavjud emasligini, shuning uchun faoliyatini davom ettirish uchun sharoit yo‘qligini aytdi. O‘sha kuni u iste’foga chiqdi, lekin prezident uning iltimosini rad etib, parlamentda ishonch votumi bo‘yicha ovoz berishni taklif qildi.

Mavzuga oid
Top