16:19 / 21.07.2022
5203

YeI kengashi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yettinchi paketini kelishib oldi

Sanksiyalar hujjat Yevropa ittifoqining rasmiy jurnalida chop etilganidan keyin kuchga kiradi.

Foto: TASS

Yevropa ittifoqi kengashi 21 iyul, payshanba kuni Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yettinchi paketi bo‘yicha kelishib oldi, unga oltin embargosi, Sberbank aktivlarini muzlatish va eksportga yangi cheklovlar joriy etish kiradi. Bu haqda Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

18 iyul kuni Yevroittifoq mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari tomonidan yangi sanksiyalar paketi kelishib olindi. Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning aniqlik kiritishicha, cheklovlar to‘plami energiya tashuvchilar ta’minotiga ta’sir qilmaydi va audit, buxgalteriya xizmatlari, shuningdek, ikki maqsadli tovarlar hamda oltin savdosiga taalluqlidir. 

20 iyul kuni Litvaning YeIdagi doimiy vakili Arnoldas Prankyavichyus YeI mamlakatlari doimiy vakillari tomonidan sanksiyalar paketi ma’qullanganini e’lon qildi. U, xususan, 50 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarga, jumladan «siyosatchilar, harbiy rahbarlar, oligarxlar, targ‘ibotchilarga» nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishini bildirdi.

Bir kun avval Yevropa ittifoqi institutlariga yaqin bo‘lgan EUobserver nashri yangi sanksiyalar ro‘yxatiga 47 jismoniy shaxs, jumladan, Moskva meri Sergey Sobyanin va «Rostex» rahbari Sergey Chemezov, shuningdek, sakkizta yuridik shaxs kiritilishi haqida xabar berdi. Yangi choralarning aksariyati rossiyalik siyosatchilar va harbiy rahbarlarga ta’sir qiladi. Nashrning yozishicha, aktyorlar Sergey Bezrukov va Vladimir Mashkov, «Tungi bo‘rilar» baykerlar klubi yetakchisi Aleksandr Zaldastanov va avvalroq sanksiya qo‘llanilgan ishbilarmonlarning ayrim qarindoshlari ham sanksiyalar ostida qoladi. 

Shu bilan birga, nashrning yozishicha, Yevroittifoqning avvalgi chora-tadbirlariga Rossiyadan ocharchilik muammosiga duch kelish xavfi ostida bo‘lgan mamlakatlarga oziq-ovqat olib o‘tishda hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi uchun tuzatishlar kiritiladi. Shuningdek, tuzatishlar tibbiy va farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berishdagi muammolarni bartaraf etishi kerak. 

Mavzuga oid
Top