17:31 / 22.07.2022
19238

Charx yigiruvchi ayollar nega oldilariga mevalar qo‘yib ishlagan? “Zakovat”ning navbatdagi sonidan reportaj

Olmos kabi topilishi qiyin, narxi qimmat hamda soxtasi ko‘p narsa nima? Navoiy insondagi qaysi o‘zgarishni Alloh tomonidan berilgan nurni zulmatga aylantirish deb ta’riflagan? Charx yigiruvchi ayollar nega oldilariga nordon mevalarni qo‘yib ishlagan? “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining ikkinchi o‘yinida Jobir Ahmedov jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Zakovat

Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):

  • Azamat Qobilov - tarixchi;
  • Hayotilla Rahmonov - aloqachi;
  • Jobir Ahmedov - shifokor (jamoa sardori);
  • Xushnud Xudoyberdiyev - huquqshunos;
  • Umid Narimov - faylasuf;
  • Rushana Rajabova - filolog. 

2022 yilning yozgi mavsumi ikkinchi o‘yini yana bir tajribali jamoa ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Muxlislarning sevimlisi bo‘lgan ushbu jamoadan ijobiy natija kutilishi aniq.

1-raundda qozonga solib qo‘yiladigan metall moslama haqida savol o‘ynaldi. Jamoa a’zolari muhokama davomida savolning javobiga yetib bora olmadi. O‘yin hisobi muxlislar foydasiga ochildi – 0:1.

2-raund savoli bolalar uchun mo‘ljallangan noodatiy stikerlar haqida bo‘ldi. 1 daqiqalik muhokama davomida jo‘yali variantga ega bo‘lmagan jamoa klubdan yordam olishga majbur bo‘ldi. Klub yordamini qaysi savolda olishni yaxshi biladigan jamoa bu safar ham adashmadi. Hisob – 1:1.

Keyingi raundda eronlik dehqonlar buyurtmasiga asosan qurilgan g‘alati inshoot haqidagi savol tushdi. Muhokamani ancha jonli olib borgan jamoa yakunda Xushnud Xudoyberdiyev orqali qiziq variant berdi. Biroq to‘g‘ri javob boshqacharoq bo‘lib chiqdi. Hisob – 1:2.

4-raundda charxda ip yigiruvchi ayollar haqida qiziqarli savol o‘ynaldi. Jamoa sardori Jobir Ahmedov ushbu savolga muddatidan oldin javob berib, vaziyatni o‘nglash bilan birga jamoasiga qimmatli bir daqiqani olib keldi. Hisob – 2:2.

5-raund savoli Ogahiy chistoni asosida bo‘ldi. Chistonda tilga olingan narsa sandiqchada olib chiqildi. Bilimdonlar qancha harakat qilishmasin, to‘g‘ri javobga yetib bora olishmadi. Javob yangraganda esa topa olmaganlariga afsuslanib qolishdi. Hisob – 2:3.

6-raundda blits savollari tushdi. Blitsning birinchi va ikkinchi savollariga to‘g‘ri javob bera olgan jamoa uchinchi savolga kelganda xatoga yo‘l qo‘ydi. Uchinchi savolga ham to‘g‘ri javob aytilgan bo‘lsa-da, jamoa noto‘g‘risini tanladi. Afsus. Hisob – 2:4.

7-raundda ham jamoa o‘ziga kelavermadi. Qadimgi Bobil ko‘chalarida kimlarga hamma yo‘l bergani haqidagi qiyinroq savolga jamoa to‘g‘ri javob topa olmadi. Hisob – 2:5.

7-raunddagi mag‘lubiyat hisobni o‘ta qaltis ko‘rinishga keltirib qo‘ydi. Endilikda birgina noto‘g‘ri javob jamoa mag‘lubiyatiga sabab bo‘ladi. O‘tgan o‘yinda ham Bobur Yoqubov jamoasi xuddi shunday vaziyatga tushib, hisobni 5:5 gacha olib borgandi. Bu o‘yinda ham bilimdonlar iroda ko‘rsata oladimi, ko‘ramiz.

8-raundda Alisher Navoiy va Rudakiyning oq sochni qoraga bo‘yash haqidagi fikrlariga asoslangan savol o‘ynaldi. Ushbu savolga jamoa osonlik bilan javob topa oldi. Hisob – 3:5.

9-raundda Chingiz Aytmatovning “Erta kelgan turnalar” asaridan olingan o‘xshatish haqidagi savol o‘ynaldi. Tajribali jamoa a’zolari ushbu murakkab savolga ham javob topa oldi. Vaziyatni o‘nglashga birgina raund qoldi. Hozircha hisob – 4:5.

10-raundda Iqbol Mirzo ijodi asosida she’riy savol tushdi. Odamlarni duogo‘y qilib qo‘yadigan 2-3 kunlik jarayon qaysi, deya qo‘yilgan savolda jamoa qizg‘in muhokama olib bordi. Boshqa variantga og‘ib ketish xavfi paydo bo‘lganida Jobir Ahmedov Rushana Rajabovaning variantini himoya qila oldi va bu hisobning tenglashishiga olib keldi. Ajoyib o‘yin! Hisob – 5:5.

Hisob 5:5ga yetganidan so‘ng, jamoa bor-baraka o‘yinidan voz kechib, so‘nggi raundni jamoaviy o‘ynashga qaror qildi.

Oxirgi raundda “Zakovat” sandiqchasi olib chiqildi. Ustalar kuydirib, naqsh chizish maqsadida foydalangan, qoramollar bo‘yniga ko‘zmunchoq maqsadida osib qo‘yilgan narsa nima, deya qo‘yilgan savolga jamoa osongina javob topdi. Hisob – 6:5.

Shunday qilib, jamoa o‘z tajribasini yana bir bor ko‘rsatib, 2:5 ko‘rinishidagi qaltis vaziyatdan muvaffaqiyatli chiqib keta oldi. 6:5 hisobidagi g‘alaba jamoani finalga olib chiqadimi-yo‘qmi, bunisini vaqt ko‘rsatadi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1-raund. Savol muallifi - Raj Diyorov, Chiroqchi tumani.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Bu moslama zanglamas metalldan tayyorlangan. Uy bekalari buni uyda, xonadonda qozon bilan birga ishlatishadi.

Diqqat savol: Qachon va nima sababdan bu metall moslama qozonga solinadi?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Birorta qozonga masalliq solingandan so‘ng uni bostirib qo‘yish uchun ishlatiladi. Bu yerda ortiqcha bug‘i maxsus joyidan chiqib ketishi uchun, bostirib qo‘yish uchun ishlatiladi.

To‘g‘ri javob: Uy bekalari sut pishirganda sut toshib ketmasligi uchun buni avval qozonga solib keyin sut quyib qaynatishadi, sut toshib ketishining oldini oladigan moslama bu.

Hisob: 0 - 1

Savol muallifi Raj Diyorov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi - Hamidulla Yesbergenev, Nukus shahri.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Zamonaviy stikerlar juda urf bo‘lib bormoqda. Ayrim stikerlar turli maqsadlarda, o‘rgatish, tushuntirish ma’nosida chop etiladi. Masalan ekrandagi stiker ma’lum toifa insonlar uchun va ularga yordam berish maqsadida chiqarilgan.

Diqqat savol: Kimlar uchun va nima maqsadda ishlab chiqarilganini toping.

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bolalarga, o‘ng va chapni ajratish uchun.

To‘g‘ri javob: Bu yosh bolalar oyoq kiyimini adashtirib yubormasligi uchun ishlab chiqarilgan stiker edi.

Hisob: 1 - 1

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi - Nodira Yorlaqabova, Zarbdor tumani

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Bu kabi imoratlar Eronda XVII asrda bunyod qilingan. Hali ham saqlanib qolgan. Eron me’morlari bu kabi imoratlarni, dehqonlarning buyurtmasi bo‘yicha ko‘proq qurishgan.

Diqqat savol: Dehqonlar bu binolarni nima maqsadda qurishgan?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bu imoratlarda shamol bo‘lganda yelvizak orqali imoratlar doimiy g‘uvillagan ovoz chiqarib turgan, bu orqali atrofdagi qushlarni haydashgan.

To‘g‘ri javob: Bu binolarda kabutarlar saqlangan. Minglab kabutarlar shu uyning ichida tunashgan. Dehqonga nima naf dersiz, u paytda mineral o‘g‘itlar bo‘lmagan o‘rniga kabutar o‘g‘itlaridan foydalanishgan.

Hisob: 1 - 2

Savol muallifi Nodira Yorlaqabova 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4-raund. Savol muallifi - Ilgizbek Shomirzayev, O‘sh shahri

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Charxda ip yigirayotgan ayol. Negadir bu ayollar ip yigirayotgan paytlari yonlariga klyukva, ryabina, kalina, brusnika kabi mevalarni qo‘yib ishlashgan. Bu mevalar ularning ishlariga yordam bergan.

Diqqat savol: Bu mevalar ip yigirayotganda qanday yordam bergan?

Jamoa muddatdan oldin javob beradi.

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Bu sanab o‘tilgan mevalar insonda ko‘p miqdorda so‘lak ajralib chiqishini ta’minlaydi. Ip yigirayotgan ayol albatta og‘zini ho‘llab turishi kerak. Shu yo‘l bilan doimiy so‘lak ajralib turishini ta’minlagan.

To‘g‘ri javob: Charxda aylantirib ishlaganda qo‘l uchlari doimo nam bo‘lib turishi kerak. Bu mevalarni ko‘rganda odam yemasa ham so‘lagi oqib turadi. Bu ayollar qo‘llarini namlab turishi uchun klyukva, ryabina, kalina kabi mevalardan qo‘yib qo‘yishadi.

Hisob: 2 - 2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5-raund. Savol muallifi - Umidbek Rahmonov, Xiva shahri

Boshlovchi: Marhamat, Zakovat sandiqchasi olib chiqilsin!

Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiydan chiston:  

Vaslin istab jahon bozorida,

Olam ahli boshida savdosidur.

Ham faqir-u, ham g‘ani devonasi,

Ham qari-yu, ham yigit shaydosidur.

Topmasa gar iltifotin har kishi,

Xordir, garchi jahon donosidir. 

Diqqat savol: Chistonning javobi sandiqchada turibdi. Albatta, Ogahiy davridagisi emas, bugungi zamonaviy ko‘rinishi. Sandiqchada nima bor?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bosh kiyim. Do‘ppi.

To‘g‘ri javob: Pul. 

Hisob: 2 - 3

Savol muallifi Umidbek Rahmonov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Blits. Savollar muallifi - Zarifa Ahmedova, Jizzax shahri

Mavzu - Mashhur aforizmlar

1-savol

Boshlovchi: Mark Tven yozadi: Agar doimo ishlayversangiz-u, dam olmasangiz, sizni eng yosh, eng boy odam deb tanishtirishadi...

Diqqat savol: Qayerda?

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Narigi dunyoda.

To‘g‘ri javob: Qabristonda, narigi dunyoda javobini ham qabul qilamiz.

Blits. 2-savol

Boshlovchi: Umar Hayyom yozadi: Bizdan past turuvchilar, bizni ko‘proq yomonlashadi. Savol, bizdan baland turuvchilar-chi?

Diqqat savol: Umar Hayyom fikrini davom ettiring.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Bizni ko‘rishmaydi, pisand qilishmaydi.

To‘g‘ri javob: Bizdan baland turuvchilarning biz bilan ishlari yo‘q. Sizning javobingizni ham qabul qilamiz.

Blits. 3-savol

Boshlovchi: Allomalardan biri ularni olmosga o‘xshatadi. Olmos kabi topilishi qiyin, narxi qimmat hamda soxtasi ko‘p.

Diqqat savol: Noma’lum alloma aytgan ularni toping.

Javobni Xushnud Xudoyberdiyev beradi: Ularni olmosga o‘xshatadi, narxi qimmat, soxtasi ko‘p iqtiboslar, ularning muallifini topish.

To‘g‘ri javob: Do‘stlik.

Hisob: 2 - 4

Savol muallifi Zarifa Ahmedova 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi - Qosimjon Qahhorov, Andijon

Boshlovchi: Qadimgi Bobilni ko‘z oldingizga keltiring: gullagan davri, ko‘cha to‘la odam, buning ustiga aravalar, mol, ho‘kizlar. Hamma bir-birini chetga surgan, lekin bir toifa odamlarga hamma yo‘l berishga majbur bo‘lgan.

Diqqat savol: Bu toifa odamlar kimlar bo‘lgan?

Javobni Umid Narimov beradi: Bobil gullagan davrida baland-baland binolari, mashhur ibodatxonalari bilan tanilgan. O‘sha vaqtda me’mor, ustalarga yo‘l berilgan.

To‘g‘ri javob: Bobildek rivojlangan, boy davlatni tarixda topish mushkul, hozir ham manaman degan davlatlar ham osma bog‘lar qurolmaydi. Ammo Bobil gullagan davrida osma bog‘lar qurilgan. Ular bitgandan so‘ng har kuni minglab qullar osma bog‘ga suv tashishgan. Aynan shularni hamma o‘tkazib yuborgan.

Hisob: 2 - 5

Savol muallifi Qosimjon Qahhorov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi - Nodirbek A’zamjonov, So‘x tumani

Boshlovchi: Hazrat Navoiy insondagi bu holatni, bu o‘zgarishni, Alloh tomonidan berilgan nurni zulmatga aylantirish deb ta’riflaganlar. Rudakiy esa shu holatga o‘tgan umrni motamga aylantirish deb yozganlar. Ikkala alloma ham inson bilan bo‘lib o‘tadigan bir jarayonni tilga olishgan.

Diqqat savol: Qanday jarayonni nazarda tutishgan?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Inson sochlarini bo‘yash.

To‘g‘ri javob: Oq sochni qoraga bo‘yash.

Hisob: 3 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi - Sunnat Aliqulov, Zomin tumani

Boshlovchi: Chingiz Aytmatovdan ajoyib o‘xshatish:

U oyoqlarim ostiga uzun poyandoz solganday, xira tortgan kuzgi yerlarni to‘q qizil, binafsha va pushti ranglarga bezab, kiyilaverib uvadasi chiqib ketgan kamzulimning kumushrang tugmalarida olovday yolqinlanib, izg‘irindan quvragan chiylarning popuklariga zeb berib turardi. Bu asarni Chingiz Aytmatov "Erta kelgan turnalar" asari uchun yozgan. Biz undan parcha keltirdik. 

Diqqat savol: Bir necha so‘z bilan bu holatni topib bering.

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Botayotgan quyosh

To‘g‘ri javob: Quyoshning botish arafasi

Hisob: 4 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi - Komiljon Ismadiyorov, Marhamat tumani

Boshlovchi: O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzodan to‘rt qator she’r: 

Uch kun davom etar talotum, qutqu,

Uch kun kattalarning tilida duo.

Uch kun el taqvoga burkanar butkul,

Ramazonda shuncha yodlanmas Xudo. 

Ushbu she’rda odamlarni bu darajada duogo‘y qilib qo‘yadigan qandaydir jarayon haqida so‘z boradi. Iqbol Mirzoning qayerdan ekanligini yaxshi bilasiz. Ikki yil burun shu nomda bir o‘zbek filmi ham sur’atga olingan.

Diqqat savol: Gap qanday jarayon haqida ketmoqda?

Javobni Rushana Rajabova beradi: Qo‘qon shamoli.

To‘g‘ri javob: Qo‘qon shamoli.

Hisob: 5 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

11-raund. Savol muallifi - Bo‘ston Usmonov, Jondor tumani

Boshlovchi: Diqqat, Zakovat sandiqchasi olib chiqilsin!

Sandiqchadagini yaqin-yaqingacha ustalar uy ta’miri paytida uni yondirib qop-qora tutuni yordamida turli naqshlar chizishgan. Sandiqchadagini ayrimlar ko‘zmunchoq maqsadida qoramollar bo‘yniga osib qo‘yishgan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida uning nomi bizga fransuz tilidan kirib kelgani aytiladi.

Diqqat savol: Sandiqchada nima bor?

Javobni Jobir Ahmedov beradi: Kalish.

To‘g‘ri javob: Kalish.

Hisob: 6 - 5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Komiljon Ismadiyorov.

"Qo‘qon shamoli" haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Rushana Rajabova.

Rushana Rajabova 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Top