17:37 / 23.07.2022
6001
Energetika vazirligi elektr ta’minotidagi vaqtinchalik choralar keng ko‘lamli muammolarning oldini olishini ma’lum qildi

Energetika vazirligi iste’molchilar e’tiborini joriy haftada harorat me’yordan oshib ketishi tufayli elektr uzatish tarmoqlari haddan tashqari qizib ketishi qayd etilayotgani, bu tarmoqda jiddiy nosozliklarga olib kelishi mumkinligiga qaratdi.

Foto: Kun.uz

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, asosan ochiq quyoshda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari bugungi kunda ular ishlashi uchun mo‘ljallanmagan haroratgacha qiziydi. Juda yuqori harorat ko‘rsatkichlariga qo‘shimcha ravishda, ayniqsa kunduzi, elektr uzatish tarmoqlari nosozlik holatiga elektr energiyasi iste’moli favqulodda o‘sishi ta’sir qiladi.

“Bunday holatda, har qanday vaqtda elektr uzatish tarmoqlarining haddan tashqari qizishi va iste’molning o‘sishi tizimda katta hajmdagi baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkin bo‘lib, bu esa elektr ta’minotini normallashtirish uchun sezilarli vaqtni (bir kun yoki undan ko‘proq) olishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, energetika tizimida keng ko‘lamli muammolar yuzaga kelishining oldini olish uchun dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish uchun zarur choralar ko‘radi. Ma’lum ko‘rsatkichlar kritik darajaga yaqin bo‘lgan holda, ayrim turar joy binolari va sanoat obektlarini elektr ta’minotidan vaqtincha uzib turish kerak bo‘lishi aytilgan.

Bildirilishicha, ko‘rsatkichlar normallashtirilganda, dispetcherlik xizmati ushbu obektlarni darhol elektr ta’minotiga ulaydi. G‘ayritabiiy yuqori haroratning yaxshilanishi barqaror elektr ta’minotini normallashtirishga yordam berishi ta’kidlangan.

“Shu munosabat bilan, iste’molchilar tarmoqdagi keng ko‘lamli nosozliklar oldini oladigan, vaziyatni ancha uzoqroq tuzatishni talab qiladigan bunday choralar zarurligini tushunishlari muhim hisoblanadi”, deyiladi vazirlikning elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha bergan izohida.

Top