12:00 / 23.07.2022
18624

O‘zbekiston Yaponiyaga ishchi kuchi olib kirish imkoniyatiga ega 11-davlatga aylandi. Endi o‘zbek migrantlari Yaponiyada ham mehnat qilib, daromad topishi mumkin

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

O‘zbekiston dunyoda Yaponiyaga ishchi kuchi olib kirish imkoniyatiga ega 11-davlatga aylandi. Endi o‘zbek migrantlari Yaponiyada ham mehnat qilib, daromad topishi mumkin. Bu haqda kecha, 21 iyul kuni Yaponiya—O‘zbekiston o‘rtasida mehnat munosabatlari va kasbiy ta’limni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ikkinchi mehnat forumida ma’lum qilindi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayeva aytishicha, Yaponiyaga shu paytga qadar faqatgina 10 ta mamlakatdan ishchi kuchi jalb qilingan. Boisi, Yaponiyada ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj yetarli darajada bo‘lgan. Forumda vazirimiz Nozim Husanov va Yaponiya kooperativlar uyushmasi raisi Muruyama Mokoto boshchiligidagi delegatsiya ishtirokchilari o‘zaro muloqotga kirishib, o‘zbek migrantlari uchun Yaponiya bozori to‘liq ochilganini ma’lum qilgan. 

Shuningdek, shu paytga qadar davlat homiyligida 500 nafar o‘zbek ishchisi kasbiy ta’limga o‘qitilgan bo‘lib, shundan 47 nafari Yaponiya ishchilari talabi va taklifini ma’qul ko‘rgani uchun ishlash ishtiyoqi borligini bildirgan.

– Avgust oyida 47 nafar o‘zbek ishchisi Yaponiyaga jo‘nab ketadi. Ularning mehnat sharoiti, oylik maoshini o‘z vaqtida olishi va qulay shart-sharoitda mehnat qilishi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan nazorat qilib boriladi, — deydi Mirzayeva. 

Vazirlik mas’ullarining qo‘shimcha qilishicha, bugungi kunda 100 ga yaqin nomzodlar qishloq xo‘jaligi va qariyalarni parvarishlash yo‘nalishi bo‘yicha maxsus malaka sertifikatiga ega bo‘lib, ular Yaponiyaga ishga ketish jarayonida ishtirok etmoqda.

O‘zbekistonlik ishchilarning aksariyati hali yapon tilini mukammal bilmaganligi uchun ularga asosan qariyalarni parvarishlash va qishloq xo‘jaligida mehnat qilishga takliflar bo‘lmoqda. Davlat homiyligida o‘qitilayotgan ishchilarimiz kelajakda boshqa ish o‘rinlarini ham band etishi ko‘zda tutilgan.

Forumda ta’kidlanishicha, avvalroq Yaponiyaga ishlash ishtiyoqini bildirib, yapon ish beruvchilarining talablarini bajarish jarayoni o‘zbek migranti uchun 3 ming dollarga tushgan bo‘lsa, endilikda bu test jarayonlari O‘zbekistonga olib kelingan bo‘lib, ayni kunda bu xarajat ming dollarni tashkil qilmoqda.

Top