14:23 / 24.07.2022
39332

O‘zini oqlamagan loyiha: tovushdan tez uchuvchi Tu-144 samolyoti fransiyaliklardan o‘g‘irlanganmi?

Dunyo fuqaro aviatsiyasida ikki turdagi tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotlari yasalgan. Ulardan biri Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan ishlab chiqarilgan «Konkord» bo‘lsa, ikkinchisi sovetlarning Tu-144 samolyoti edi. Har ikkala samolyotning tashqi ko‘rinishi bir xil edi va bu tasodif bo‘lmagan.

XX asrning 50-60 yillarida boshqa transport turlari kabi fuqaro aviatsiyasi ham keskin rivojlana boshlaydi. Konstruktorlarning izlanishlari tufayli samolyotlar ancha takomillashadi. Ularda yo‘lovchi o‘rni, uchish tezligi oshadi. Yangi rusumdagi samolyotlar tobora balandroq ucha boshlaydi. O‘sha paytda samolyotsozlikda ham G‘arb davlatlari va SSSR o‘zaro raqobat qilardi.

Ana shunday sharoitda avval Fransiya va Buyuk Britaniya hamkorligida tashkil etilgan konsorsiumda, keyin SSSRda tovushdan tez uchadigan yo‘lovchi samolyotini yasash ustida ishlar boshlanadi. Bungacha esa tovushdan tez uchadigan harbiy samolyotlar yasab bo‘lingandi. Bu raqobatda SSSR samolyotsozlari g‘alaba qozonishadi va ular dunyodagi tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotini birinchi bo‘lib yasab, sinovdan o‘tkazishadi.

Tovushdan tez uchuvchi samolyotlar tarixi

Tovushdan tez uchuvchi samolyotlar yaratish ustida ishlar ikkinchi jahon urushi davom etayotgan paytda boshlanadi. 1947 yilda amerikalik sinovchi-uchuvchi Chak Yyeger raketali dvigatellar o‘rnatilgan Bell X-1 samolyotini tovushdan tez bo‘lgan tezlikka chiqaradi.

Shundan so‘ng AQSh va SSSRda tovushdan tez uchuvchi harbiy samolyotlarning bir nechta turi yasaladi.

Tovushdan tez uchuvchi harbiy samoyotlarni seriyali ishlab chiqarish SSSRda 1952 yilda boshlangan. Bu Mikoyan va Gurevich boshchiligidagi konstruktorlik byurosi tomonidan yasalgan MiG-17 samolyoti edi.

1953 yilda AQShda ham North American F-100 Super Sabre qiruvchi samolyoti seriyali ishlab chiqarila boshlanadi. Shundan so‘ng tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotlari ustida ishlar boshlanadi.

Foto: kolyan.net

1962 yilda Buyuk Britaniya va Fransiya hamkorlikda konsorsium tashkil etishadi. Bu konsorsium tomonidan tovushdan tez uchuvchi samolyot loyihasi qilinadi va unga «Konkord» deb nom beriladi.

G‘arbda tovushdan tez uchuvchi samolyotlarni yasash bo‘yicha ishlar boshlangandan so‘ng sovet ittifoqida ham bunday turdagi samolyotlarni yasashga jiddiy kirishiladi. Konstruktorlar va aviasozlar oldiga nima qilib bo‘lsa ham bunday samolyotlarni g‘arbliklardan oldin yasash topshirig‘i qo‘yiladi.

Loyihani amalga oshirish Tupolev boshchiligidagi konstruktorlik byurosiga topshiriladi. Bungacha, Tupolev o‘z konstruktorlari bilan tovushdan tez uchuvchi Tu-22 harbiy bombardimonchi samolyotini yasagan va u muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan edi.

Foto: akademiportal.com

Tu-144 samolyotining yasalishi

1963 yil 16 iyulda KPSS Markaziy qo‘mitasi «To‘rtta reaktiv dvigatelga ega bo‘lgan Tu-144 samolyotlarini yasash haqida»gi qarorni qabul qiladi.

Shundan so‘ng tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotlarini yasash oson ish emasligi oydinlashadi va sovetlar fransiyalik aviasozlarga hamkorlik taklif etishadi. Ammo bu amalga oshmaydi.

1963 yilda SSSR ministrlar sovetining yana bir qarori qabul qilinadi. Unga ko‘ra yangi yasalayotgan tovushdan tez uchuvchi samolyotning tezligi soatiga 2300-2700 kilometr bo‘lishi, bir marta yoqilg‘i quyilganda 4000-4500 kilometrni uchib o‘tishi, saloni 80-100 yo‘lovchi o‘rniga ega bo‘lishi belgilanadi.

1965 yilda Tu-144 samolyotini yasash ishlari boshlanadi. 1967 yil 11 dekabrda Fransiya-Buyuk Britaniya konsorsumi tomonidan «Konkord» samolyoti haqida aniq ma’lumotlar beriladi. Shundan so‘ng sovet hukumati konstruktorlarga nima qilib bo‘lsa ham Tu-144 samolyotining sinov parvozini «Konkord»ning sinov parvozidan oldin o‘tkazish haqida topshiriq beradi.

1968 yil 31 dekabr kuni, «Konkord»ning sinov parvozidan ikki oy avval Tu-144ning ilk sinov parvozi amalga oshiriladi. Ammo samolyot tovushdan tez bo‘lgan tezlikka chiqa olmaydi.

Foto: bun.com.ua

Oradan besh oy o‘tib, 1969 yil 5 may kuni Tu-144 ikkinchi sinov parvozini amalga oshiradi. Bu safar samolyot o‘z tezligini soatiga 2150 kilometrga yetkazadi va yer sathidan 11 000 metr balandlikkacha ko‘tariladi. 1970 yilda Tu-144 16 300 metr balandlikkacha chiqadi.

1971 yilda Tu-144 samolyotining loyihasi yanada mukammallashtiriladi va yo‘lovchi o‘rni 150 taga yetkaziladi.

1971 yil 1 iyun kuni yangi turdagi Tu-144 samolyotining ilk sinov parvozi amalga oshiriladi. Uchish va qo‘nish vaqtida juda katta tezlikka ega bo‘lgani uchun Tu-144 o‘sha paytda SSSRdagi 100 dan oshiq aeroportdan bor-yo‘g‘i 18 tasiga qo‘na olishi ma’lum bo‘ladi.

Tu-144ning ilk parvozi 1975 yil 26 dekabr kuni Moskva-Olmaota yo‘nalishida bo‘lgan. O‘shanda u Olmaota shahriga pochta yuklarini olib boradi.

1977 yil SSSR rahbari Leonid Brejnev davlat tashrifi bilan Fransiyaga boradi. Unga Frans Air aviakompaniyasiga qarashli yo‘lovchi tashiyotgan «Konkord» samolyotlarini ham ko‘rsatishadi. Brejnev Moskvaga qaytgach Tu-144 samolyotlaridan yo‘lovchi tashishda ham foydalanish bo‘yicha topshiriq beradi.

1977 yil 1 noyabr kuni Tu-144 samolyoti ilk marta yo‘lovchilar bilan Moskva-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qiladi. O‘shanda bunday parvoz narxi oddiy samolyotlarda uchish narxidan 50 foizga qimmat etib belgilanadi.

Aslida Tu-144 samolyotlari bilan Moskvadan juda olisda joylashgan Uzoq Sharqdagi shaharlarga uchish reja qilinadi. Ammo tovushdan tez uchuvchi samolyotdagi texnik muammolar bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Foto: vpk.name

Shunday bo‘lsa ham Tu-144 bir marta Moskva-Azor orollari-Gavana yo‘nalishida parvoz qiladi. Shundan so‘ng ikkita Tu-144 samolyoti yo‘lovchi tashiy boshlaydi. Ammo oradan bir yil o‘tib Tu-144 da samolyot tashish to‘xtatiladi. Bunga samolyot bilan sodir bo‘lgan bir nechta noxush hodisalar va halokatlar sabab bo‘ladi.

Tu-144 bilan sodir bo‘lgan noxush hodisa va halokatlar

Tu-144 samolyotlari bilan bir nechta jiddiy hodisa sodir bo‘lgan.

1978 yilda Moskvadan uchgan samolyot noqulay ob-havo tufayli Olmaota aeroportiga qo‘na olmaydi. Ekipaj samolyotni Toshkentga qo‘ndirmoqchi bo‘lganda buning ham iloji bo‘lmaydi. Tu-144 yana Olmaotaga qaytadi.

Qozog‘iston poytaxtiga yetganda unda yoqilg‘i qariyb tugagan edi. Uchuvchilar samolyotni qulab tushishdan saqlab qolish uchun ko‘rish darajasi juda past bo‘lgan sharoitda uni Olmaota aeroportiga qo‘ndirishadi.

1978 yilda yangi Tu-144 sinov parvozini amalga oshirayotganda Moskva viloyatida qulab tushadi.

1973 yilda Parijdagi xalqaro aviasalonda ishtirok etayotgan Tu-144 samolyoti parvoz chog‘ida portlab ketadi.

1980 yilda sinov parvozi davomida Ramenskoye aerodromidan havoga ko‘tarilgan Tu-144 samolyoti 16 ming metr balandlikka chiqqach uning bitta dvigateli ishlamay qoladi. Uchuvchilar qiyinchilik bilan samolyotni talafotsiz qo‘ndirishga muvaffaq bo‘lishadi.

Tu-144dan harbiy maqsadlarda foydalanish ham reja qilinadi. Ammo samolyotni boshqarish va uchish-qo‘nishdagi murakkabliklar bu rejani amalga oshirishga imkon bermaydi.

Tu-144 samolyotlarini Voronejdagi aviatsiya zavodi 1968 yildan 1984 yilgacha ishlab chiqargan. Mazkur samolyotlardan jami 16 dona ishlab chiqarilgan.

Tu-144 tavsifi

Tu-144 samolyotlarining:

  • Uzunligi: 65,6 metr;
  • Qanotlari uzunligi: 28 metr;
  • Yoqilg‘i sarfi: soatiga 39 tonna;
  • Dvigatellar soni: 4 ta;
  • Maksimal uchish balandligi: 15 000 metrgacha;
  • Ekipaj soni: 4 nafar bo‘lgan.

Shuningdek, Tu-144 samolyotlariga jami 80 tonna yoqilg‘i sig‘adigan 18 ta yoqilg‘i idishi (bak) joylashtirilgan edi.

Tu-144 samolyotlarini har doim Tupolev boshchiligidagi konstruktorlik byurosi uchuvchilari boshqargan. Ularni oddiy uchuvchilar boshqara olmaydi deb hisoblashgan.

Parvozlarning to‘xtatilishi

Tu-144 samolyoti yo‘lovchi tashish uchun ilk tijoriy parvozni 1977 yil 1 noyabr kuni boshlagan. Oradan 7 oy o‘tib, 1978 yil 1 iyul kuni uchish va qo‘nishda xavfsizlikni ta’minlashning iloji bo‘lmagani uchun parvozlar to‘xtatiladi.

1981 yilda Tu-144 samolyotlarining parvozini tiklashga qaror qilishadi. Ilk parvoz Moskva-Krasnoyarsk yo‘nalishida belgilanadi.

Uchuvchilar samolyotni parvozga tayyorlash uchun dvigatelni ishga tushirganda yong‘in sodir bo‘ladi. Ekipaj a’zolari zudlik bilan samolyotni tark etadi. Shundan so‘ng Tu-144 samolyotlarining parvozi yana bekor qilinadi va boshqa bu mavzuga qaytilmaydi.

Brejnev vafotidan keyin uning o‘rniga mamlakat rahbari bo‘lgan Andropov Tu-144 samolyotlarini mukammallashtirish va parvozlarni qayta tiklashga mutlaqo qiziqish bildirmaydi. 1983 yil iyul oyida sovet hukumati Tu-144 samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatish haqida qaror qabul qiladi.

Shundan so‘ng Voronejdagi zavodda yasalayotgan ikkita Tu-144 bo‘yicha ishlar ham to‘xtatiladi.

Tu-144 samolyotlarining keyingi taqdiri

Tu-144 samolyotlarining parvozi to‘xtatilgandan so‘ng tayyor holdagi 16 ta samolyotning aksariyati turli muzeylarga berib yuboriladi.

Foto: maisonsouquet.site

Masalan, ilk parvozni amalga oshirgan Tu-144 Moskva viloyati Momino shaharchasida joylashgan Harbiy havo kuchlariga qarashli muzeyga beriladi. Yana biri Qozondagi institut muzeyiga beriladi. Bir nusxasi Germaniyaning Zinsxaym shahrida joylashgan aviatsiya muzeyida «Konkord» samolyoti bilan birga saqlanadi.

Samolyotlardan yana biri Tu-144 ning ixtirochisi Tupolev sharafiga Moskva viloyati Jukovskiy shaharchasiga qo‘yilgan. Yana biri shu shaharchadagi aerodromda saqlanadi.

Foto: military-museum.livejournal.com

Voronejdagi zavodda oxirigacha bitmagan Tu-144 samolyotlari ancha yillar qarovsiz qolib ketgach, keyinchalik bo‘laklab olinadi.

Tu-144 samolyoti loyihasi «Konkord»dan o‘g‘irlanganmi?

1963 yilda, fransiyalik konstruktorlar tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyotining aniq loyihalariga ega bo‘lgan paytda sovetlar ularga hamkorlik taklif etishadi.

Sovet vakillari fransiyaliklar bilan o‘n martadan ortiq uchrashishadi. Turli hisobotlar tayyorlab, ularning taqdimotini o‘tkazishadi. Bu orada «Aeroflot» vakili Sergey Pavlovning Fransiyadagi taqdimotlardan birida «Konkord»ning loyiha hujjatlarini o‘g‘irlagani oshkor bo‘ladi va shu bilan muzokaralar to‘xtab qoladi.

Keyinchalik, sovetlar nima qilib bo‘lsa ham aynan «Konkord»ning loyiha hujjatlarini qo‘lga kiritish uchun bir necha fransiyalik konstruktorlar va aviasozlar bilan uchrashgani ma’lum bo‘ladi.

Tu-144 samolyoti ilk sinov parvozga tayyor bo‘lganda Fransiya va Buyuk Britaniya konsorsumi ham «Konkord»ni tayyorlab bo‘lgandi. Ana shunda har ikkala samolyotning juda o‘xshashligi ma’lum bo‘ladi.

Ayniqsa, «Konkord» va Tu-144ning qanotlari, fyuzelyaj o‘lchamlari, dvigatellarining joylashuvi va uchuvchilar kabinasi bir xil ekani ma’lum bo‘ladi.

Foto: airliners.net
Foto: yaplakal.com

O‘sha paytda jahon siyosiy sahnasida ikkinchi jahon urushining asosiy g‘olibi sifatida SSSRning obro‘si baland, mamlakat AQShdan keyin dunyodagi ikkinchi qutb maqomiga da’vogarlik qilardi. Shu sababli, garchi o‘zlashtirilgani aniq bo‘lsa-da, Fransiya va Buyuk Britaniya «Konkord»ning loyihasi o‘g‘irlangani haqida da’vo qila olmaydi.

Shunday bo‘lsa ham, Tu-144 uzoq «yashamadi». Ular bor-yo‘g‘i bir yildan oshiqroq vaqt mobaynida yo‘lovchi tashiydi.

Umumiy hisobda Tu-144 samolyotlari «Aeroflot» bayrog‘i ostida jami 102 ta parvozni amalga oshiradi. Ularda 3 284 nafar yo‘lovchi tashiladi. Taqqoslash uchun, Konkord bu paytda 2,5 million nafar yo‘lovchi tashigandi.

Shu tariqa, sovet ittifoqi g‘aznasidan milliardlab dollar sarflanib yasalgan Tu-144 samolyotlari o‘zini oqlamagan loyiha sifatida tarixda qoldi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top