09:19 / 25.07.2022
7396

Jizzaxda haydovchi Nexia bilan piyodani urib, voqea joyidan qochib ketdi

Oqibatda 69 yoshli piyoda og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etdi.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 4R-41 G‘allaorol-O‘smat avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumani Mirzabuloq mahallasi hududidan o‘tgan 1-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, viloyat IIBga noma’lum mashina yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborib, qochib ketgani haqida xabar kelib tushgan. Hodisa yuz bergan joyga zudlik bilan IIB xodimlari yetib borganida jabrlanuvchi G‘allaorol tumani Baxt mahallasida yashovchi, 1953 yilda tug‘ilgan fuqaro ekani va u og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgani oydinlashadi.

Shundan so‘ng viloyat bo‘ylab piyodani urib, qochib ketgan haydovchiga qidiruv e’lon qilinadi. Olib borilgan surishtiruvlar davomida mazkur jinoyatni Zarbdor tumani Nurobod mahallasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z boshqaruvidagi Nexia mashinasi bilan sodir etgani aniqlanadi.

Haydovchi avvaliga piyodani urib yuborganini tan olmaydi. Ammo mashina tekshirib ko‘rilganda uning old qismida zarba izlari borligi ma’lum bo‘ladi.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan G‘allaorol tumani IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Jizzaxda Nexia mashinasi boshqaruvni yo‘qotib kanalga tushib ketgan va oqibatda uning haydovchisi vafot etgandi.

Top