15:01 / 26.07.2022
7598

Yo‘l qurilishida 474 mln so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgani aniqlandi

8 ta holatda qariyb 474 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Oxunjonov ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-iyun oylarida inspeksiyaga jami 290 ta murojaat kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 47 foizga ko‘p.

Avtomobil yo‘llari foydalanuvchilaridan kelib tushgan 79 ta murojaat asosida yo‘llarning sifat ko‘rsatkichlari joyiga chiqib o‘rganildi va natijasi bo‘yicha quyidagilar amalga oshirildi:

34 ta murojaat asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 52 ta ko‘rsatma berildi. Ko‘rsatma talablarini muddatida bartaraf etmagan 4 ta holat yuzasidan — mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo‘llash bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi;

8 ta holatda sifatsiz bajarilgan qariyb 474 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari hisobotdan chiqarildi. Ya’ni, bu pullar pudratchi korxonalarga to‘lab berilmaydi;

44 ta murojaatga binoan, ularda tilga olingan obektlarni ta’mirlash dasturlariga kiritish yuzasidan hokimliklar, avtomobil yo‘lini o‘z balansida saqlovchi tashkilot va tegishli sektor rahbarlariga takliflar kiritildi.

Top