18:04 / 27.07.2022
19753

«Barselona» yangi strategiyasi bilan katta tavakkal qilmoqda. Shu tarzda kelajagini barbod qilishi mumkin

«Barselona» televizion huquqlarining bir qismini Sixth Street investitsiya kompaniyasiga berdi. O‘tgan haftada klub TV huquqlarining 15 foizini 25 yil muddatga 400 mln yevroga sotdi. Avvalroq, xuddi shu kompaniyaga 10 foizini 207,5 mln yevroga sotgandi. Demak, endi Sixth Street TV huquqlarining 1/4 qismiga egalik qiladigan bo‘ldi. 

Foto: Getty Images

Kataloniya klubi prezidenti Joan Laporta kelishuvni «ikkinchi iqtisodiy dastakning faollashuvi» deb atamoqda. Uning maqsadi – klub qarzlaridan qutulish va moliyaviy ahvolni yaxshilash. 

Biroq, yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uchinchi dastakni ham faollashtirish kerak bo‘ladi. Bunda TV huquqlarining 49 foizi Barça Studios kompaniyasiga sotiladi (ular «Barselona» uchun ijodiy mahsulotlarni yaratish bilan shug‘ullanadi). 

Ayni damda klubga taxminan yana 100 million yevro kerak va bu mablag‘ La Liga boshlanishidan oldin qo‘lga kiritilishi lozim. Ispaniyaning Cope nashriga ko‘ra, yangi futbolchilar uchun «Barselona»ga to‘rtinchi dastak ham kerak bo‘lishi mumkin. Ya’ni pul topish uchun yana nimalarnidir sotishga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, klub o‘zini go‘yo hamma ishlar joyida qabilida tutishda davom etmoqda. 

Laportaning strategiyasi kelajakda katta muammolarni keltirishi mumkin 

Klubning iqtisodiy masalalar bo‘yicha direktori Eduard Romeuning so‘zlariga ko‘ra, Laporta yozda jamoaga qo‘shilgan yangi futbolchilardan (Robert Levandovski, Rafinya, Andreas Kristensen, Frank Kessie) tashqari, qo‘shimcha ravishda transferlar uchun yana 200 million yevro sarflamoqchi. 

Foto: Getty Images

«Barsa» prezidentining niyati juda oddiy – hozir va shu yerdayoq foyda ko‘rish. Ammo u kelajak istiqbollari haqida qayg‘urmayapti. 

«Nega «Barselona» hamon Superliga g‘oyasiga o‘ralashmoqda? Buning javobi aniq! 1,4 milliard yevro qarzi bo‘lgan va umidsizlikka tushib qolgan klub yangi futbolchilarga pul sarflash uchun kelajakdagi daromad oqimlarini sotmoqda. Katta klub uchun bu juda xavfli», dedi «Manchester Yunayted»ning sobiq himoyachisi Gari Nevill. 

Uning so‘zlarida jon bor. Ha, shuni ham hisobga olish kerakki, Laporta o‘z hiylalari uchun qamoqdan mo‘jizaviy tarzda qutulib qolgan Jozep Bartomeuning «merosi» bilan shug‘ullanyapti. Unga havas qilib bo‘lmaydi. Joan klubni achinarli holatda qabul qilib oldi. Biroq, Laportaning so‘nggi qarorlari bundan ham yomon muammolarga olib borishi mumkin. O‘ylab o‘tirmasdan hamma narsani hozir va shu yerda sotaverish yaramaydi. Agar bir necha yil ichida TV huquqlari qimmatlashsa (hozircha ularning narxi oshib bormoqda), foydaning bir qismi «Barselona» g‘aznasiga tushmaydi. 

«Barselona» hech kimni sotmayapti 

Andreas Kristensen va Frank Kessie «Barselona»ga erkin agent sifatida qo‘shildi. Buning yomon tomoni yo‘q. Robert Levandovski uchun «Bavariya»ga 45 million yevro, Rafinya uchun «Lids»ga 59 million yevro to‘landi. Yaxshi ham emas, lekin nisbatan ma’qul variant. Chunki moliyaviy ahvol ayanchli bo‘lsa-da, yangi futbolchilar jamoaga kerak. Ammo xaridlar uchun sarflangan mablag‘ sotishdan olingan mablag‘dan ko‘p bo‘lishi hozirgi holat uchun yaxshi emas. Oradagi farq yanada oshishi mumkin, bu esa tashvishga soladi. 

Frenki de Yong va Memfis Depay – sotish uchun asosiy nomzodlar. «Barsa» ulardan qutulmoqchidek, ammo hozircha buning iloji bo‘lmayapti. 

De Yong «Manchester Yunayted»ga o‘tishni umuman istamayapti. «Chelsi» varianti ham havoda muallaq turibdi. Yarimhimoyachi uni sotishga bo‘lgan urinishlardan xafa, ammo faoliyatini Kataloniyada davom ettirishga qarshi emas. AS xabariga ko‘ra, Xavi allaqachon futbolchiga o‘yin vaqtini qisqartirish bilan tahdid qilgan. Shuningdek, maoshini yarmiga qisqartirishga rozi bo‘lishini talab qilgan. 

Klubning Frenkiga (va boshqa o‘yinchilarga ham) nisbatan xatti-harakatlari juda xunuk ko‘rinmoqda. Futbolchilardan maoshini qisqartirish so‘ralmoqda, ammo yangi kelganlar uchun allaqachon 100 million yevrodan ko‘proq mablag‘ sarflagan. 

Foto: Getty Images

Depay «Tottenhem» taklifini rad etdi. Hujumchi butun mavsum davomida Levandovski va Per-Emerik Obameyang soyasida zaxirada o‘tirishdan qo‘rqmayapti. Diario Sport xabariga ko‘ra, Memfis sovrinlar uchun kurasha oladigan top-klubga o‘tishga rozi. Ammo hozircha u «Barsa»da. 

«Barselona» de Yong va Depay uchun kamida 100 million yevro olishni rejalashtirgandi. Bu niyat amalga oshmay qolishi mumkin. Frenki (80+ million yevro) va Memfis (20+ million yevro) uchun belgilangan dastlabki narx pasaytirilishi kerak. Boshqa klublar ularga bunchalik ko‘p mablag‘ sarflashga tayyor emas. Ayniqsa, ularning maoshi hisobga olinsa. «Barselona» de Yongdan 20 mln yevro qarzdor, oldin mana shu muammo hal qilinishi kerak (16 million yevro maoshi koronavirus pandemiyasi tufayli kechiktirildi, 4 million yevro bonuslar). 25 yoshli futbolchi bu muammodan klubga bosim o‘tkazish dastagi sifatida foydalanmoqda va «Manchester Yunayted»ga o‘tishni istamayapti. 

«De Yong «Barselona»ni sudga berish imkoniyatini ko‘rib chiqishi va barcha futbolchilar uni qo‘llab-quvvatlashi kerak! Klub shartnomasi bor futbolchilar bilan to‘liq hisob-kitob qilmayapti, ammo yangi futbolchilarga ko‘p mablag‘ sarflamoqda – bu axloq qoidalariga ham, moliyaviy qoidalarga ham zid. FIFPro vaziyatga aralashib, bunday tahqirlashga qarshi chora ko‘rishi lozim», deydi Nevill. 

«Barsa» faqat de Yongdan emas, deyarli barcha futbolchilardan qarzdor. Hatto maoshlar qisqartirilishi ham yordam bermayapti. Usmon Dembele shartnomasini 2024 yilga qadar uzaytirdi, maoshi 40 foizga kamaydi. Shartnomada yaxshi bonuslar ko‘zda tutilgan, ammo ularga hali erishish kerak. Serxi Roberto shartnomasini bir yilga uzaytirganida, maoshi 12 million yevrodan 5 million yevroga kamayishiga rozi bo‘ldi. «Barselona» esa yangi futbolchilarni sotib olmoqchi. 

«Barsa» kimlarni olishni rejalashtirmoqda 

Ayni paytda asosiy maqsad «Sevilya» himoyachisi Jyul Kunde. Buning uchun kamida 50 million yevro va bonuslar to‘lash kerak bo‘ladi. «Barsa» himoyachi uchun kurashda «Chelsi»ni ortda qoldirishga erishdi, xuddi Rafinya transferidagi kabi. Shu bois, London klubi alamzada bo‘lib turibdi. Endi kataloniyaliklar Sezar Aspilikueta va Markos Alonso transferi borasida «Chelsi» bilan kelisha olmasa kerak. Balki bu ham yaxshidir. Avvalroq, Xavi yoshlarga ko‘proq ishonch bildirish niyati borligini aytgandi. Shu tufayli yoshi katta bu futbolchilar nima uchun kerakligi tushunarsiz edi. Biroq, endi «Chelsi» de Yongni ham olmaydi.

Foto: Getty Images

«Barsa» allaqachon Aspilikueta va Alonsoga muqobil variantlarni topib qo‘ygan. Klub Xavi Galan («Selta»), Pau Torres («Vilyarreal») va Inigo Martines («Atletik») bilan shartnoma imzolamoqchi. Birinchisi uchun 18 million yevro, ikkinchisi uchun 40-50 million, uchinchisi uchun 50 million yevro so‘rashmoqda. Hozircha «Barsa» faqat Torres uchun pul to‘lashga tayyor, Galan va Martines bo‘yicha muzokaralarda narxni tushirishga harakat qilmoqda. Ayni paytda jamoada Jyerar Pike, Erik Garsiya va Ronald Arauxo bor. Shu bois, 31 yoshli Martinesning ehtimoliy transferi savollar tug‘dirmoqda. 

«Barselona» hammasi bo‘lib himoyaga 100 million yevro sarflamoqchi. Laportaning «ikkinchi dastagi» natijasiga ko‘ra, yana shuncha mablag‘ ortib qolishi kerak. Kataloniyaliklar uni «Manchester Siti» yarimhimoyachisi Bernardu Silva transferiga sarflashga tayyor. Bu futbolchini Xavi juda yaxshi ko‘radi. Shunga qaramay, Silva «Barsa» uchun juda katta «luqma». Avval de Yongdan qutulish kerak, hozircha buning iloji bo‘lmayapti. 

Klub nima qilishi kerak? 

«Barsa»ning hozirgi strategiyasi yana moliyaviy inqirozga olib kelishi mumkin. «Barselona» Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan taqdirda ham mukofot pullari klubning transfer xarajatlarini qoplamaydi. La Ligada esa «Real»dan o‘zib ketish vazifasi muammoli ko‘rinmoqda. Ideal holatda klub futbolchilarni sotib olish va sotish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashi kerak.  

«Arsenal» yo‘lidan borish varianti ham bor edi – yoshlarga sarmoya kiritish, bir necha yil davomida katta sovrinlar uchun kurashdan ongli ravishda voz kechish, to‘lov balansini tartibga solish. Va TV huquqlarini sotmaslik orqali. Klub kelajakda bundan juda afsuslanishi mumkin. Ammo Laporta hozir va shu yerdayoq g‘alaba qozonishni istayapti. Shuning uchun klub imkon qadar tezroq futbolchilarni sotish bilan shug‘ullanishi kerak. Aks holda, o‘z kelajagini yo‘q qilishi va oxir-oqibat klubni xususiy investorlarga sotish mumkin.

Top