09:41 / 27.07.2022
5056
«Roskosmos» rahbari RF XKS loyihasidan chiqishini e’lon qildi

2024 yildan keyin Rossiya XKSni rivojlantirish dasturida ishtirok etishni to‘xtatadi, deya ma’lum qildi «Roskosmos» yangi bosh direktori Yuriy Borisov. Korporatsiya milliy orbital stansiya loyihasiga e’tibor qaratadi.

Foto: Picture Alliance

2024 yildan keyin Rossiya Xalqaro kosmik stansiyani (XKS) rivojlantirish dasturida ishtirok etishni to‘xtatadi. Bu haqda 26 iyul, seshanba kuni Moskvada «Roskosmos» Rossiya davlat kosmik faoliyat korporatsiyasi yangi bosh direktori Yuriy Borisov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya orbital xizmat ko‘rsatish stansiyasini (ROSS) yaratish «Roskosmos»ning koinotni tadqiq qilishdagi faoliyati asosiy ustuvor yo‘nalishiga aylanadi. «Biz tasdiqlangan rejalarga muvofiq boshqariladigan dasturni davom ettiramiz. Asosiy ustuvorliklar Rossiya orbital stansiyasini yaratishga qaratiladi», - dedi Borisov RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda. 

«Roskosmos» rahbarining ta’kidlashicha, kosmik sanoat qiyin ahvolda qolgan. «Men hamkasblarim bilan birgalikda asosiy vazifamni darajani pasaytirish emas, balki yuqori darajaga ko‘tarish, birinchi navbatda, Rossiya iqtisodiyotini zarur kosmik xizmatlar bilan ta’minlashdan iborat deb bilaman. Bu navigatsiya, aloqa, ma’lumotlar uzatish, meteorologiya, geodeziya ma’lumotlari va hokazo», — deya tushuntirdi Yuriy Borisov. 

Iyun oyida o‘sha paytda «Roskosmos»ni boshqargan Dmitriy Rogozin XKS ishini 2024 yildan keyin uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash Amerikaning Rossiya kosmik sanoatiga nisbatan sanksiyalari bekor qilingan taqdirdagina mumkin bo‘lishini aytgan edi. May oyi o‘rtalarida Rogozin «Roskosmos» XKSdagi xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikni to‘xtatmoqchi emasligini ta’kidladi. 

Bungacha «Roskosmos» AQShning Aeronavtika va kosmik tadqiqotlar milliy boshqarmasi (NASA), Yevropa fazo agentligi (ESA) va Kanada kosmik agentligidan RFning Rossiya kosmik sanoati korxonalariga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish taklifiga javob xatlari kelgani haqida xabar bergan edi. Maktublarda ta’kidlanganidek, AQSh va Kanada XKS xavfsiz ishlashini davom ettirishni o‘zining ustuvor vazifalari deb biladi. NASA rahbari Bill Nelson Amerikaning amaldagi sanksiyalari stansiya faoliyatiga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. 

Biroq, Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi tufayli ko‘plab davlatlar Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli jazo choralarini kiritdi. 1 mart kuni «Roskosmos» matbuot xizmati sanksiyalar sharoitida XKSning ishlashi bo‘yicha kelishuvning uzaytirilishi shubha uyg‘otayotganini ma’lum qildi. 

Mavzuga oid
Top