10:49 / 28.07.2022
3578
2022 yilda Toshkent shahrida 99 kishi oqlangan, 888 kishi sud zalida qamoqdan ozod qilingan

Toshkent shahar sudi va Toshkent shahar ma’muriy sudi tomonidan joriy yilning 6 oyida 1186 holatda tergov organi tomonidan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan.

27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Toshkent shahar sudi va Toshkent shahar ma’muriy sudi tomonidan 2022 yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2022 yil birinchi yarmi davomida 6 489 nafar shaxsga nisbatan 5 274 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, 2021 yilga nisbatan ko‘rib tamomlangan ishlar soni 2 393 taga, javobgarlikka tortilgan shaxslar soni esa 2 791 nafarga ko‘paygan.

“Sudlar tomonidan 2022 yil birinchi yarmida jami 99 nafar shaxsga nisbatan oqlov qarorlari chiqarilgan, 1186 holatda tergov organi tomonidan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan.

Jinoyat oqibatida yetkazilgan 217,2 mlrd so‘mdan ortiq moddiy zararning o‘rnini qoplagan 626 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan, 888 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan.

Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilikning kafilligi asosida jami 65 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan yoki qonunda nazarda tutilganidan ko‘ra yengilroq jazolar tayinlangan, 101 nafar shaxsga tayinlangan jazolar yengilroq jazo bilan almashtirilgan, 1088 nafar shaxs muddatidan ilgari jazodan (qamoqdan) ozod qilingan”, deya ta’kidlagan Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari — jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Akbarali Turabov.

Mutasaddining qo‘shimcha qilishicha, jinoyat ishlarining 2672 tasi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 1307 tasi uncha og‘ir bo‘lmagan, 2263 tasi og‘ir va 247 tasi o‘ta og‘ir toifadagi jinoyatlarni tashkil etgan.

Top