09:27 / 30.07.2022
9483
AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyadan ikki shaxs va to‘rtta tashkilot kiritildi. Vashington ularni «RFning AQSh va uning ittifoqchilari, jumladan, Ukrainani beqarorlashtirishga urinishlariga» aloqador deb hisoblaydi.

Foto: Picture Alliance

AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi. Sanksiya ro‘yxatiga RFdan ikki shaxs va to‘rtta tashkilot kiritildi. Bu haqda 29 iyul, juma kuni AQSh Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) xabar berdi.

Xususan, Jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi rahbari Natalya Burlinova va Xorijiy aralashuvni aniqlash jamoat qo‘mitasi asoschisi Aleksandr Ionovga nisbatan jazo choralari qo‘llanildi. 

Bundan tashqari, Vashingtonning sanksiyalari Burlinova va Ionov bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarga qaratilgan – Rossiya Globallashuvga qarshi harakati (RGQH), «Ionov Transkontinental» MChJ va Stop-Imperialism axborot agentligi («Stop-imperialism», SI), «Ijodiy diplomatiya» jamoat tashabbuslarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash markaziga.

«Bugun sanab o‘tilgan jismoniy va yuridik shaxslar Rossiyaning Qo‘shma Shtatlar hamda uning ittifoqchilari va hamkorlari, jumladan, Ukrainani manipulyatsiya qilish va beqarorlashtirishga urinishlarida turlicha rol o‘ynagan», — deya Reuters agentligi AQSh Moliya vazirligi xabaridan iqtibos keltirgan.

Shu bilan birga, AQSh Adliya vazirligi o‘sha kuni Ionovga «uzoq muddatli zararli ta’sir kampaniyasini uyushtirganlik» bo‘yicha sirtdan ayblov qo‘ydi. Rossiya buning uchun RGQH tashkilotidan foydalangan, deya qo‘shimcha qildi Vashington. 

Ayblov xulosasiga ko‘ra, Ionov RF Federal xavfsizlik xizmati nazorati ostida harakat qilgan hamda Florida, Jorjiya va Kaliforniya shtatlarida siyosiy guruhlarni yollagan, ular orqali «rossiyaparast tashviqotni tarqatgan». Adliya vazirligi Rossiyaga «Qo‘shma Shtatlarda kelishmovchilik va dezinformatsiyani tarqatishiga» yo‘l qo‘ymaydi, deya ma’lum qildi idora. 

Aleksandr Ionov bir vaqtlar Moskva jamoatchilik kuzatuv komissiyasining a’zosi bo‘lgan. U, xususan, 2021 yilning bahorida Roskomnadzorga yuborgan shikoyati asosida «Meduza» nashri «xorijiy agent» deb tan olingani bilan tanilgan. 2021 yilning kuzida Ionov RF Bosh prokuraturasidan The Bell onlayn-nashrini moliyalashtirish jarayonini tekshirishni so‘radi. Kuni kecha Aleksandr Ionov News.ru’ga jurnalist Kseniya Sobchakning «xorijiy agenti» sifatida tan olinishiga erishish niyatida ekanini tasdiqladi. 

Top