17:23 / 30.07.2022
5033
Ilon Mask Twitter kompaniyasini sudga berdi

Milliarder kompaniyani sotib olish bo‘yicha kelishuvni yakunlashdan bosh tortganidan so‘ng Twitter’ni sudga beryapti.

Foto: Getty Images

Tesla va SpaceX egasi Ilon Mask o‘zi bilan kompaniyani sotib olish bo‘yicha bitimni yakunlash uchun sudlashayotgan Twitter’ga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi. Bu haqda 29 iyul, juma kuni CNBC telekanali xabar berdi

Mask suddan uning da’vosi tafsilotlarini oshkor qilmaslikni so‘radi, ammo CNBC ta’kidlashicha, ular tez orada tahrirlangan shaklda ommaga taqdim etiladi. Bungacha milliarder Twitter’ni saytning reklama auditoriyasi va biznes salohiyatini tushunish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqda ro‘yxatdan o‘tgan spam va botlar soni haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortgani uchun ochiq tanqid qilgandi.

Joriy yilning aprel oyi oxirida Mask Twitter aksiyalarining 100 foizini 44 milliard dollarga sotib olayotganini e’lon qildi, biroq oxir-oqibat iyul oyi boshida kelishuvdan qaytdi va buni unga kerakli ma’lumotlar taqdim etilishidan bosh tortilgani bilan izohladi. 

Maskning advokatlari kompaniyaga yo‘llagan maktubida Twitter’dagi soxta va spam akkauntlarning haqiqiy soni ijtimoiy tarmoq xabar qilgan «besh foizdan kam» ko‘rsatkichdan sezilarli darajada ko‘p ekaniga ishonish uchun asos borligini aytgandi. Bu fonda Twitter aksiyalari taxminan 6 foizga arzonlashdi.

Bunga javoban Twitter egalari milliarderni platforma va uning aksiyadorlari oldidagi majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishda aybladi hamda sud orqali tadbirkordan bitimni yakunlashni talab qildi. Kompaniya fikricha, Mask kelishuv uning shaxsiy manfaatlariga javob bermay qolgani uchun o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortmoqda.

«Maskning xatti-harakati u ixtiyoriy ravishda imzolagan majburiy shartnomadan uzoqlashishga intilayotganini va bu jarayonda Twitter’ga zarar yetkazmoqchi ekanligini aniq tasdiqlaydi», — deyiladi kompaniya xabarida. 

Shartnoma shartlariga ko‘ra, tomonlardan biri undan voz kechsa, bir milliard dollargacha jarima ko‘zda tutilgan, deb ta’kidlaydi AFP. Kompaniya suddan to‘rt kunlik sud jarayonini sentabr oyining o‘rtalariga belgilashni so‘radi. Delaver shtati sudi ishni 17 oktyabrda ko‘rishni boshlashni rejalashtirgan. 

Top