13:18 / 30.07.2022
11926
MRB sobiq rahbari: Ukraina Rossiya egallab olgan hududlarni qaytarib olishi mumkin

Devid Petreusga ko‘ra, agar NATO va g‘arb davlatlari resurslarni hozirgi sur’atda yetkazib berishda davom etsa, Kiyev Rossiya qo‘shinlarining keyingi oldinga siljishini to‘xtata oladi.

Devid Petreus / Foto: Getty Images

Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) sobiq direktori va AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) sobiq rahbari Devid Petreus Ukraina urush paytida Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarni qaytarishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda amerikalik general 30 iyul, shanba kuni e’lon qilingan Bild gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi

«Aslida, Ukraina qo‘shinlari so‘nggi oylarda Rossiya tomonidan egallab olingan hududning hammasini bo‘lmasa-da, katta qismini qaytarib olishi ehtimoli ortib bormoqda», - dedi Petreus. «Agar NATO va g‘arb davlatlari hozirgi sur’atda resurslar yetkazib berishda davom etsa, o‘ylaymanki, Ukraina kuchlari Rossiyaning keyingi olg‘a siljishini to‘xtata oladi va 24 fevraldan beri ruslar tomonidan egallab olingan hududlarni qaytarib olishni boshlaydi», — dedi nashr suhbatdoshi. 

MRB sobiq rahbari, shuningdek, Rossiyaning ehtimoliy g‘alabasi Yevropa uchun qanday oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirdi va Shimoliy Atlantika alyansi buni allaqachon anglab yetganini aytdi. «Rossiyaning Ukrainadagi harbiy muvaffaqiyati - men buni ehtimoldan yiroq deb hisoblayman - Yevropa xavfsizligi uchun falokatli bo‘ladi», - dedi general. 

«Ochig‘ini aytsam, NATO va unga kirmaydigan g‘arb davlatlari yetakchilari buni tan oldi hamda Rossiya muvaffaqiyat qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur choralarni ko‘rmoqda», - deya qo‘shimcha qildi u. 

May oyi boshida DW’ga bergan intervyusida Petreus Rossiyaning yadro yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash ehtimoli haqidagi savolga javob berar ekan, Moskva tahdidlariga jiddiy baho berishga chaqirgandi, biroq xavfning o‘zini past deb hisoblagandi. «Men yadro yoki kimyoviy quroldan foydalanish ehtimoldan yiroq emas, degan fikrga moyilman. Bunda umumiy fikr bor, chunki bu qizil chiziqlarni kesib o‘tish juda jiddiy oqibatlarga olib keladi», deb tushuntirgandi general. 

MRB sobiq rahbari Kiyev va Moskva o‘rtasidagi tinch muzokaralar imkoniyati haqida gapirar ekan, bu jarayonda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy asosiy rol o‘ynashi kerakligini ta’kidladi. «Axir, aynan uning mamlakati Rossiyaning buzg‘unchi harakatlariga chidashga majbur bo‘lyapti», dedi u. Petreusning fikricha, bu masalada G‘arb davlatlari Kiyevning pozitsiyasidan kelib chiqishi kerak: «O‘ylaymanki, agar Zelenskiy va uning atrofidagilar muzokara olib borishni istasa, biz, albatta, bu borada hamkorlik qilamiz va yordam beramiz». «Vladimir Putinga muzokaralar Ukraina bilan sodir bo‘layotgan voqealar tufayli emas, balki sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish uchun kerakligini yodda tutish kerak», dedi general. 

Devid Petreus 2007 yilda to‘rt yulduzli generalga aylangan. 2008 yildan 2010 yilgacha u AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligini boshqargan, Iroq, Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi operatsiyalar uchun mas’ul bo‘lgan. 2011 yildan 2012 yilgacha MRB direktori bo‘lgan. 2012 yilda oilaviy mojaro tufayli u iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Petreus maxfiy ma’lumotlarni, jumladan, rasmiy elektron pochtasiga kirish imkoniyatini tarjimai holini yozgan va o‘zaro shaxsiy munosabatlari bo‘lgan jurnalist Pola Broduellga bergan. 

Surishtiruv davomida u tergov bilan kelishuvga erishdi va «maxfiy materiallar bilan noto‘g‘ri ishlash hamda FQBga noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etish orqali odil sudlovga to‘sqinlik qilish»ga aloqador ekanini tan oldi. 2015 yilda u shartli ravishda ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi va 100 ming dollar (98 ming yevro) miqdorida jarimaga tortildi. 

Top