07:51 / 30.07.2022
6875

Toshkent – Dakka – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovi tiklanishi mumkin

Dakka shahrida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevning Bangladesh bosh vaziri Shayx Xasina Vazed bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va mushtarak manfaatlar doirasidagi istiqbolli tarmoqlarda yirik yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha birgalikda bajariladigan ishlar muhokama qilindi.

Transport va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent – Dakka – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri havo qatnovini tiklash istiqbollari qayd etildi. Tomonlar fikriga ko‘ra, bu o‘zaro yo‘lovchilar tashish hajmini oshishiga hamda madaniy va turistik almashinuv imkoniyatlarining kengayishiga olib keladi. 

Shuningdek, joriy yilda O‘zbekiston va Bangladesh o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgani 30 yilligiga bag‘ishlangan bir qator madaniy tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi hamda belgilangan vazifalarni hal etishda faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Top