10:57 / 01.08.2022
11213

Navoiyda 3,2 mlrd so‘mlik 30 dona mayning qurilmalari o‘g‘irlab ketildi

Navoiy viloyatida mayning uchun mo‘ljallangan qurilmalarni o‘g‘irlagan shaxslar fosh qilindi.

Foto: IIV axborot xizmati

2022 yil 31 may kuni Navoiy shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan A.F. murojaat qilib, Karmana tumani Sardoba mahallasida joylashgan issiqxona hududiga o‘rnatilgan, umumiy qiymati 3,2 mlrd so‘mlik 30 ta «Antmayner T19» qurilmalarini noma’lum shaxslar o‘g‘irlaganini ma’lum qilgan.

IIV Kiberxavfsizlik markazi xabariga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

IIV Kiberxavfsizlik markazi va uning Navoiy viloyati bo‘linmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, 2 dona apparat 1999 yilda tug‘ilgan, Yunusobod tumanida yashovchi, antimayner qurilmalarini ta’mirlovchi usta I.A. tomonidan foydalanib kelinayotgani aniqlanib, ushbu qurilmalar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shundan so‘ng, u bilan tezkor surishtiruv olib borilib, mazkur mayning qurilmalarni o‘g‘irlagan shaxslar, 1995 yilda tug‘ilgan, Karmana tumanida yashovchi N.F. va 1995 yilda tug‘ilgan, Karmana tumanida yashovchi R.A. ekani aniqlandi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, N.F. va R.A. qo‘lga olindi va N.F.ning yashash xonadonidan 11 dona qurilmalar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olindi.

Bildirilishicha, hozirda qo‘lga olingan N.F. va R.A.ning boshqa jinoiy sheriklarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid
Top