14:02 / 02.08.2022
2950

Kaliforniya gubernatori maymun chechagi bilan bog‘liq vaziyat tufayli favqulodda holat e’lon qildi

Kaliforniya AQShning Nyu-Yorkdan keyin maymun chechagi tufayli favqulodda holat e’lon qilgan ikkinchi shtatiga aylandi. Bu qaror infeksiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan, deya ma’lum qildi Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom.

Foto: AP

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom maymun chechagi tarqalishi munosabati bilan favqulodda holat rejimini e’lon qildi. Qaror xavf guruhlarini emlash va bemorlarni davolash bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qabul qilindi, deb yozdi u 1 avgust, dushanba kuni kechqurun Twitter’da. Shu tariqa, Kaliforniya oxirgi uch kun ichida maymun chechagi tufayli favqulodda holat e’lon qilgan AQShning ikkinchi shtatiga aylandi. 

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, favqulodda holat e’lon qilinishi kasallik tarqalishiga qarshi umummilliy chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishga, ko‘proq vaksinalar ishlab chiqishga hamda davolash va emlash haqida ma’lumot berishga, infeksiya xavfini kamaytirishga yordam beradi.

AQShning aholi soni bo‘yicha eng katta shtati bo‘lgan Kaliforniya gubernatori tomonidan bunday bayonot e’lon qilinishi, Nyu-York shtatining 30 iyul kuni, shuningdek, San-Fransisko ma’muriyatining 28 iyuldagi xuddi shunday qaroridan keyin yuz berdi. Kaliforniya allaqachon 61 000 dan ortiq vaksina dozasini olgan va 25 000 dan ortiq odamni emlagan. 

AQSh maymun chechagi kasalligi eng ko‘p qayd etilgan mamlakatdir. 23 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagi kasalligini sog‘liqni saqlash sohasi uchun global favqulodda holat deb e’lon qildi. O‘sha vaqtga kelib 75 mamlakatda 16 000 dan ortiq holatlar haqida ma’lum edi. Kasallikning yuqtirib olish bo‘yicha aksariyat holatlar Yevropa va Amerikada aniqlandi. 

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu kasallik an’anaviy ma’noda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiya emas, u har qanday yaqin jismoniy aloqa orqali yuqishi mumkin. «Biroq, bizning ishimiz shuni ko‘rsatadiki, hozirgi kunga qadar yuqtirish holatlarining aksariyati, birinchi navbatda, erkaklar orasida ko‘p kuzatilmoqda», dedi tadqiqot rahbari Jon Tornhill.  

Top