08:06 / 02.08.2022
7510

Osiyoda maymun chechagidan birinchi o‘lim holati Hindistonda qayd etildi

Kerala shtati sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga ko‘ra, BAAda 22 yoshli yigitga maymun chechagi kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Bemor Hindistonga qaytganidan keyin kasalxonaga yotqizilgan, u ko‘p o‘tmay vafot etgan.

Foto: REUTERS / Dado Ruvic / Illustration

Osiyoda maymun chechagi infeksiyasi bilan kasallanishdan sodir bo‘lgan birinchi o‘lim holati Hindistonda tasdiqlandi. Bu haqda 1 avgust, dushanba kuni mamlakat janubi-g‘arbidagi Kerala shtati sog‘liqni saqlash vaziri Vina Jorj ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 yoshli yigitning sog‘lig‘ida boshqa hech qanday muammo bo‘lmagan. U 19 iyul kuni maymun chechagi uchun test topshirgan va u musbat javob bilan chiqqan, so‘ng Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)dan Hindistonga qaytib kelgan. Uyga kelganidan keyin biroz vaqt o‘tgach, isitmasi ko‘tarilgan. Shundan so‘ng bemor kasalxonaga yotqizilgan va keyinroq o‘pkani sun’iy ventilyatsiyasi qurilmasiga ulangan.

Yigit 30 iyul kuni vafot etdi. U bilan aloqada bo‘lgan shaxslar kuzatuv ostida bo‘lib turibdi. 

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda maymun chechagi infeksiyasining kamida to‘rtta holati qayd etilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi boshidan beri Afrikadan tashqarida 18 000 dan ortiq kasallanish holati qayd etilgan, ularning aksariyati Yevropada kuzatilgan. 

Afrika qit’asidan tashqarida kamida uchta o‘lim holati kasallik bilan bog‘liq: ikkitasi Ispaniyada va bittasi Braziliyada. Hindistonda qayd etilgan holat to‘rtinchi va Osiyoda birinchisidir. 

23 iyul kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagi kasalligini sog‘liqni saqlash uchun global favqulodda holat (FH) deb e’lon qildi. O‘sha vaqtga kelib 75 mamlakatda 16 000 dan ortiq holat haqida ma’lumot bor edi. Ko‘plab holatlar Yevropa va Amerikada aniqlandi. 

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu kasallik an’anaviy ma’noda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiya emas, u har qanday yaqin jismoniy aloqa orqali yuqishi mumkin. «Biroq, bizning ishimiz shuni ko‘rsatadiki, hozirgi kunga qadar yuqtirish holatlarining aksariyati, birinchi navbatda, erkaklar orasida ko‘p kuzatilmoqda», dedi tadqiqot rahbari Jon Tornhill. 

Kasallik tarqalishiga qarshi kurashish uchun JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus kasallik tasdiqlangan guruhlar bilan bog‘lanishni, epidemiologik nazorat va sog‘liqni saqlash choralarini kuchaytirishni, kasalxonalarda infeksiyaning oldini olish ishini kengaytirishni, vaksinalar, terapevtik vositalardan foydalanish bo‘yicha tadqiqotlarni jadallashtirishni tavsiya qildi. 

Top