13:55 / 02.08.2022
7211
Vashington RFning mahbuslarni almashish bo‘yicha «makkorona» javobi haqida ma’lum qildi

Oq uy matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, RFga amerikalik basketbolchi Brittni Grayner va huquqshunos Pol Uilanni almashishni taklif qilgan Jo Bayden ma’muriyati Moskvadan olingan javobni jiddiy deb hisoblamaydi.

Foto: YURI KOCHETKOV\TASS

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati mahbuslarni almashish taklifiga Rossiya rasmiylaridan «makkorona» javob oldi, deya ma’lum qildi Vashington. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per 1 avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQShning tegishli so‘roviga Moskvadan javob olingani haqidagi savolga javob berar ekan, «qarama-qarshi taklif kelib tushdi, biz uni jiddiy deb hisoblamaymiz», dedi. 

U Qo‘shma Shtatlar bu pozitsiyalardan muzokaralar olib bormasligini «aniq» deb atadi va tafsilotlarni ochiqlashdan bosh tortdi. Matbuot kotibi, shuningdek, Oq uy amerikalik basketbolchi Brittni Grayner va josuslikda ayblangan BorgWarner kompaniyasining xavfsizlik bo‘yicha direktori Pol Uilanni AQShga qaytarish zarurligiga «juda jiddiy qarashini» ta’kidladi. «Biz ularning uyga qaytishini xohlaymiz», deya qayd etdi Jan-Per.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati RFga Rossiyada saqlanayotgan ikki amerikalik - giyohvand moddalar kontrabandasida ayblangan olimpiya chempioni Brittni Grayner va josuslikda ayblangan sobiq dengiz piyoda askari Pol Uilanni AQShda qurol savdosida ayblanib, jazo muddatini o‘tayotgan RF fuqarosi Viktor Butga almashtirishni taklif qilmoqda. 27 iyul kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ma’lum qilishicha, bir necha hafta oldin Oq uy Moskvaga Uilan va Grayner bo‘yicha «mazmunli taklif» taqdim etgan. 

Shu bilan birga, CNN telekanali 29 iyul kuni Moskva AQShdan Grayner va Uilanni Butga almashish bo‘yicha kelishuvga Berlinda sobiq chechen dala qo‘mondoni Zelimxon Xangoshvilini o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan Vadim Krasikovni ham qo‘shishni so‘ragani haqida xabar berdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, RF bu taklifni FXXning norasmiy kanallari orqali yetkazgan, AQSh esa uni «muammoli» deb hisoblagan, biroq Germaniyaga so‘rov yuborgan. 

Moskva ko‘p yillar davomida amerikaliklar va AQSh rasmiy vakillarini o‘ldirish maqsadida til biriktirish, raketa sotib olish va sotishga urinish hamda Kolumbiyaning «Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari» guruhi bilan hamkorlikda terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda aybdor deb topilgan sobiq sovet zobiti Viktor Butni ekstraditsiya qilishni talab qilib keladi. Viktor But 2012 yilda 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Vadim Sokolov nomiga olingan soxta pasport bilan sayohat qilgan rossiyalik Vadim Krasikov Berlindagi Kichik Tirgarten bog‘ida Zelimxan Xangoshvilini o‘ldirgan va tez orada Germaniya politsiyasi tomonidan hibsga olingan. U umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi, ayblov esa qotillik Rossiya davlat idoralarining talabiga binoan siyosiy sabablarga ko‘ra sodir etilganini bildirdi. Xangoshvili 2000-2004 yillarda ikkinchi chechen urushida rus armiyasiga qarshi kurashgan va Moskva unga dushman sifatida qaragan. Qotillikdan so‘ng RF prezidenti Vladimir Putin u Moskva metrosidagi portlashlar tashkilotchisi ekanini aytdi, ammo hech qanday dalil keltirmadi. 

Top