22:07 / 03.08.2022
36905
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi xodimi zavod darvozasi oldida o‘ziga o‘t qo‘ydi

Kun.uz manbasiga ko‘ra, 48 yoshli ayolning o‘ziga o‘t qo‘yishiga ishdan bo‘shatilgani (yoki bo‘shatilishi haqida ogohlantirish olgani) sabab bo‘lgan.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab kelgan 48 yoshli H.S. 2 avgust kuni korxona oldida ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan.

Kun.uz Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Dilmurod Jumaboyevdan olgan ma’lumotga ko‘ra, ayolga zavod tibbiyot punktida birinchi yordam ko‘rsatilib, so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali Kombustiologiya bo‘limiga yotqizilgan.

Kun.uz boshqa manbasining so‘zlariga ko‘ra, 48 yoshli ayolning o‘ziga o‘t qo‘yishiga ishdan bo‘shatilgani (yoki bo‘shatilishi haqida ogohlantirish olgani) sabab bo‘lgan. Ayolning tanasi 75 foizgacha kuygani aytilmoqda.

Ayolning o‘z joniga qasd qilishga urinishi bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olingan. Holat viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.O‘rinboyev va viloyat prokurorining o‘rinbosari B.Ismoilov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.

Viloyat hokimining o‘rinbosari Komila Kavlanova Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida bo‘lib, ayolning holidan xabar olgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qildi.

Top