22:05 / 03.08.2022
17914
Tog‘li Qorabog‘da qisman harbiy safarbarlik e’lon qilindi. Boku demilitarizatsiya haqida bayonot berdi

Ozarboyjon qurolli kuchlari arman harbiylarining hujumida ozar askari o‘lganini ma’lum qilib, bunga javoban dronlar yordamida Tog‘li Qorabog‘dagi arman pozitsiyalarini o‘qqa tutdi. Tan olinmagan respublikada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilindi. Rasmiy Boku Qorabog‘ning to‘liq demilitarizatsiya qilinishini talab qilib chiqdi.

Foto: Ozarboyjon Mudofaa vazirligi

3 avgust kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi Tog‘li Qorabog‘da “Qasos” operatsiyasini boshlaganini ma’lum qildi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, operatsiya arman tomonining o‘t ochishi oqibatida Qorabog‘ning Lochin tumanida ozar askari halok bo‘lganiga javoban o‘tkazilmoqda.

Rasmiy Boku operatsiya natijasida Tog‘li Qorabog‘dagi bir nechta tepalik ustidan nazorat o‘rnatganini bildirgan. Hujum uchuvchisiz uchish qurilmalari (Bayraktar TB-2 ekani aytilmoqda) yordamida amalga oshirilgan.

Tog‘li Qorabog‘ tomoni Ozarboyjonni otashkesimni buzganlikda aybladi. Tan olinmagan respublika Mudofaa vazirligining axborotiga ko‘ra, hujum oqibatida ikki harbiy halok bo‘lgan, 14 nafari jarohatlangan. Natijada prezident Araik Arutyunyan qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgan.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarboyjoy harbiylari hududda o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini ma’lum qildi.

Ozarboyjon qurolli kuchlari drondan yo‘llangan zarbalar videosini e’lon qildi.

Rasmiy Bokuning bayonotida Tog‘li Qorabog‘ demilitarizatsiya qilinishi kerakligi ta’kidlangan.

“Uch tomonlama bayonotga qaramay, Ozarboyjonning vaqtincha Rossiya Federatsiyasi tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgan hududlarida Armaniston harbiy kuchlari va noqonuniy tuzilmalarining saqlanib turgani xavf manbayi bo‘lib qolayotgani Ozarboyjon Respublikasi tomonidan bir necha marta ta’kidlandi. Bu hududlar demilitarizatsiya qilinishi, arman qo‘shinlari to‘liq olib chiqib ketilishi va noqonuniy arman harbiy tuzilmalari qurolsizlantirilishi shart”, – deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, uzoq yillik mojaro 2020 yil kuzida keng ko‘lamli urushga aylangan, bir yarim oy davom etgan harbiy harakatlar natijasida Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ning qariyb yarmi ustidan nazorat o‘rnatib, hududning qolgan yarmiga Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashtirilgandi.

Rossiya vositachiligida erishilgan kelishuvga binoan, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dan o‘z harbiylarini olib chiqib ketishi kerak edi. Rasmiy Boku shundan buyon Yerevanni kelishuvni bajarmayotganlikda ayblaydi. Armaniston tomoni va tan olinmagan respublika rasmiylari bu ayblovni rad etib kelmoqda.

Top