19:18 / 04.08.2022
7859

Tayvan Xitoyning harbiy mashg‘ulotlari tufayli o‘nlab aviareyslarni bekor qildi

Xitoy xalq-ozodlik armiyasi AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifiga javoban Tayvanga yaqin hududda havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlarini boshladi.

Foto: AFP

Xitoy harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani tufayli 4 avgust kuni Tayvan hukumati kamida 40ta aviareysni bekor qildi, deb xabar berdi Associated Press

Agentlikning ma’lumot berishicha, bu butun dunyodagi telekommunikatsiya va avtomobil kompaniyalari uchun zarur bo‘lgan protsessor chiplarini yetkazib berish bilan bog‘liq uzilishlar xavfini kuchaytiradi. 

Hozirda Tayvan kompaniyalari tashqi dunyo bilan savdo aloqalari uzilishiga tayyorlanmoqda, dedi tayvanlik ishlab chiqaruvchilar bilan uchrashgan iqtisodchi Alisiya Garsiya Errero. 

«Ular buyurtmalarni qayta jo‘natish yoki buyurtmalarni kechiktirish haqida o‘ylamoqda», — dedi u. 

Xitoy xalq-ozodlik armiyasi 4 avgust, payshanba kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining orolga tashrifiga javoban Tayvanga yaqin hududda havo va dengiz harbiy mashg‘ulotlarini boshladi. Mashqlar 7 avgustga qadar o‘tkaziladi, ular doirasida aniq nishonlarga o‘q otish rejalashtirilgan.

Top