11:50 / 05.08.2022
51986

Ballistik raketalar, harbiy kemalar va kiberhujumlar. Pelosining tashrifidan keyin Tayvanda nimalar bo‘lmoqda?

Foto: EPA

AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga bir kunlik tashrifi itoatsiz orol atrofidagi keskinlikni kuchaytirdi: payshanba kuni Xitoy mashg‘ulotlar chog‘ida orol tomon o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi, uning akvatoriyasida xitoyliklarning harbiy kemalari manyovrlar qilmoqda, Tayvan hukumati esa davlat idoralari saytlariga kiberhujumlar uyushtirilganini ma’lum qildi.

Nensi Pelosi 4 avgust kuni Janubiy Koreyaga uchib ketdi, u bu safar doirasida Koreya demilitarizatsiya hududining Shimoliy va Janubiy Koreya harbiylari yuzma-yuz turadigan yagona qismi - Qo‘shma xavfsizlik zonasiga tashrif buyurishni ham rejalashtirgan.

Tayvan atrofidagi suvlar va osmonda nimalar bo‘lmoqda?

Tayvan mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, payshanba kuni Xitoy orol atrofida suv va havoda o‘tkazilayotgan misli ko‘rilmagan harbiy mashg‘ulotlar vaqtida o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi.

Tayvan harbiylari da’vo qilishicha, qo‘shnilar orolning shimoliy, janubiy va sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi o‘quv nishonlari tomon ana shunday 11 ta raketani uchirishgan. Bundan tashqari, raketalar Tayvanning Matszu orollari tomon ham uchib kelgan.

Xitoy o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar - oldindan rejalashtirilgani, raketalar esa dengizning Tayvandan sharqdagi qismida joylashgan nishonlarga aniq borgani haqida ma’lum qilgan. Tayvan harbiylari raketalar qayerga qulagani yoki ular orol ustidan uchib o‘tgan-o‘tmagani borasida aniqlik kiritmagan.

Tayvan chegarachisi dengizda bo‘layotgan hodisalarni kuzatmoqda. Foto: EPA

Rejalashtirilgan mashg‘ulotlar haqidagi da’volarga qaramay, Tayvandagilar Pekin ularni orolga so‘nggi 25 yil ichida kelgan eng yuqori martabali amerikalik siyosatchi Nensi Pelosining tashrifiga javoban boshlangan degan fikrda.

Xitoy spiker Pelosining Pekin o‘zining ajralib chiqqan provinsiyasi deb biladigan orolning o‘zini-o‘zi boshqaruvchi demokratiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun kelganidan darg‘azab bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar dunyoning eng gavjum bo‘ladigan suv yo‘llari bo‘ylab o‘tkazilmoqda, bu esa orolga suv orqali borish va kelish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan, shuningdek orolga reyslar amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Tayvandagi Tayyuan Usu xalqaro aeroporti payshanba kuni xitoyliklarning mashg‘ulotlarida o‘t ochilayotgani tufayli 50 dan ortiq xalqaro reyslarni bekor qildi.

Tayvan mudofaa vazirligi Xitoyni orolni qamalda qoldirishga urinishda ayblab, uni «mintaqaviy tinchlikka putur yetkazuvchi mantiqsiz harakatlar» uchun qoraladi.

Keyinroq Xitoy xalq ozodlik armiyasining sharqiy harbiy qo‘mondonligi mashg‘ulotlar yakunlangani, havo va dengiz ustidan nazorat olib tashlanganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, bayonotda bu payshanba kuni boshlanib, 72 soat davom etishi ko‘zda tutilgan o‘quv mashg‘ulotlari to‘liq yakunlanishini anglatishiga aniqlik kiritilmagan.

Xitoy davlat televideniyesi Pekin ko‘chalarida Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Tayvan oroli atrofidagi suv va havo kengliklarida qanday mashg‘ulotlar olib borayotganini namoyish etmoqda. Foto: Reuters

Payshanba kungi brifingda Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili unda o‘quv mashg‘ulotlari yakunlangani borasida aniq ma’lumot yo‘qligini aytib, jurnalistlarga oldindan e’lon qilingan 4-7 avgust kunlari oralig‘iga tayanishni taklif etgan.

Avvalroq Tayvan mudofaa vazirligi xitoyliklar mashg‘ulotlariga javoban orol qo‘shinlari doimiy jangovar shay holatda qolayotganini ma’lum qilgandi.

Quruqlikda nimalar bo‘lmoqda?

Tayvan hukumati payshanba kuni ko‘plab davlat idoralari saytlari kiberhujumlarga uchragani to‘g‘risida ma’lum qildi - xususan, prezident ma’muriyati, tashqi ishlar vazirligi hamda mudofaa vazirligi saytlari jabr ko‘rgan.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda hakerlar saytlarga odatdagidan 23 barobar ko‘proq hujumlar uyushtirishgan.

Nensi Pelosining tashrifi faqatgina Tayvan nashrlarining kun mavzusi bo‘lgani yo‘q. Foto: EPA

Orol rasmiylari Xitoy bilan munosabatlardagi eskalatsiya fonida bunday hujumlar davom etishi xavfi yuqoriligi tufayli tijoriy kompaniyalarni yaqin kunlarda kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirishga chaqirgan.

Xitoy va Tayvan munosabatlaridagi keskinlik sababi nimada?

Xitoy Tayvanni o‘z provinsiyasi deb biladi va bir necha bor zarurat tug‘ilsa orolni kuch bilan qaytarishga va’da qilgan.

Tayvan yetakchilari orolni suveren davlat deb hisoblashadi: uning o‘z konstitutsiyasi, demokratik saylangan hukumati hamda 300 ming atrofida harbiy xizmatchidan iborat armiyasi bor.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, orol ilk bor XVII asrda Xitoy nazoratiga o‘tgan, o‘shanda uni Sin sulolasi boshqara boshlagan. Keyin, 1895 yilda ular birinchi xitoy-yapon urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolni Yaponiyaga qoldirishgan.

Xitoy 1945 yilda, Yaponiya Ikkinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchraganidan keyin yana orolni egallab olgan.

Ammo Xitoyning materikdagi qismida Chan Kayshi boshchiligidagi milliy hukumat kuchlari hamda Mao Tszedunning Kommunistik partiyasi qo‘shinlari o‘rtasida fuqarolik urushi boshlanib ketgan.

1949 yilda kommunistlar g‘alaba qozongan va Pekinni o‘z nazoratiga olgan.

Xitoy xalq-ozodlik armiyasining Pekin binolaridagi reklamalari Pelosi Tayvanga tashrif buyurgan vaqtda paydo bo‘ldi

Chan Kayshi va Gomindan nomli milliy partiyaning qolgan-qutgan kuchlari Tayvanga qochib ketishgan, ular keyingi o‘n yilliklar mobaynida orolni boshqarishgan.

Xitoy Tayvan azaldan xitoyliklar hududi ekanini isbotlash uchun shu tarixga havola qiladi. Ammo tayvanliklar xuddi shu tarixni o‘zlariga mos talqin etib, ular hech qachon ilk bor 1911 yildagi inqilobdan keyin tuzilgan zamonaviy Xitoy davlatchiligi yoki 1949 yilda Mao boshqaruvida tuzilgan Xitoy Xalq Respublikasining bir qismi bo‘lmaganini da’vo qilishadi.

Ayni vaqtda dunyoning faqat 13 mamlakati (va Vatikan) Tayvanni suveren davlat sifatida tan oladi, Xitoy esa bunday davlatlar qolmasligi uchun bor imkoniyatlarini ishga soladi.

Nensi Pelosi hozir qayerda?

Pelosi Tayvanga seshanba kuni kechqurun keldi va orolni ancha tez - kelganiga bir kun to‘lmasdan tark etdi. U bu vaqt ichida mamlakat prezidenti Say Inven va Xitoyga muxolif faollar guruhi bilan uchrashishga ulgurdi.

Uning tashrifi Vashingtonning Tayvan demokratiyasi himoyasiga «qat’iy sodiq»ligini ko‘rsatish uchun mo‘ljallangandi.

Hozirda u Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi, u bu yerda mamlakatning yuqori martabali shaxslari bilan uchrashmoqda. Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol Pelosi bilan uchrashmadi - u shu haftada ta’tilga chiqib ketgandi.

AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Janubiy Koreya Milliy assambleyasi spikeri Kim Chjin Pxyo tomonidan qarshi olindi.
Foto: Reuters

Ammo u mehmon bilan 40 daqiqalik telefon muloqoti o‘tkazishga ulgurdi va AQSh Kongressi bilan global strategik ittifoq hamda Shimoliy Koreyaning yadroviy qurolsizlanishi bo‘yicha sa’y-harakatlarni ilgari surish uchun yaqindan ishlashga va’da bergan.

Diplomatik uchrashuvlardan tashqari, Pelosi ikki davlat harbiylari tom ma’noda yuzma-yuz turuvchi - Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi chegara hududiga - Qo‘shma xavfsizlik zonasiga bormoqchi.

Nensi Pelosi bu hududga tashrif buyuradigan amerikalik ikkinchi yuqori martabali shaxs bo‘ladi - 2019 yilda sobiq prezident Donald Tramp bu yerda shimoliy koreyaliklar yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashgandi.

Top