12:12 / 05.08.2022
5875

OTMga o‘qishga kiritish bo‘yicha jinoyatlarda 384 mln so‘m va 457 ming dollar ushlandi

Joriy yil o‘tgan davrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq 127 ta jinoyat fosh etilib, 384 mln so‘m va 457 ming dollar firibgarlik yoki pora sifatida qo‘lga kiritilishi oldi olindi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirib berishni va’da qilgan shaxslar 34 ta jinoyati fosh etilib, huquqbuzarlar tomonidan 81,8 mln so‘m va 168,2 ming dollar qo‘lga kiritilishiga chek qo‘yildi.

Kollej va texnikumlarga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq 37 ta jinoyat fosh etilib, 22 mln so‘m va 27,5 ming dollar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Hududlar kesimida tahlil qilganda, bu borada Andijonda – 29 ta, Farg‘onada – 27 ta, Toshkent shaharda – 26 ta, Samarqandda – 21 ta, Buxoro va Toshkent viloyatlarida – 17 tadan, Namangan hamda Sirdaryoda – 16 tadan, Surxondaryoda – 9 ta, Jizzax, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda – 6 tadan, Qashqadaryoda – 3 ta, Navoiy viloyatida – 1 ta jinoyat aniqlangan bo‘lib, huquqbuzarlik sodir etganlar 17 nafari oliy ta’lim tizimida, 14 nafari  kollej va litseylarda ishlasa, 169 nafari boshqa soha vakillari yoki fuqarolarni tashkil etgan.

“Ayni paytda, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari davom etar ekan, departament va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar tomonidan ushbu yo‘nalishda korrupsiya holatlar oldini olish borasida profilaktika va tezkor-qidiruv tadbirlari davom etadi”, deyiladi xabarda. 

Top