23:21 / 05.08.2022
14307

To‘lqin Qilichev boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi

Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi murabbiylar shtabida o‘zgarish yuz berdi.

Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

O‘zbekiston boks federatsiyasi xabariga ko‘ra, bugun 5 avgust kuni tashkilotda yig‘ilish o‘tkazilib, milliy jamoaga yangi bosh murabbiy tayinlangan.

«Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi so‘nggi yillarda jahon miqyosida ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bunda shubhasiz murabbiylar shtabining o‘rni yuqori. Ammo vaqt bir joyda turmaydi va terma jamoadagi avlodlar almashinuvi murabbiylar shtabida ham muhitni o‘zgartirish lozimligidan dalolat beradi. 

Bugun, 5 avgust kuni O‘zbekiston boks federatsiyasida yig‘ilish tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Shu kungacha milliy terma jamoamizni Marat Qurbonov uzoq vaqt davomida boshqarib kelayotgandi. Bugungi tadbirda Marat Galiyevichning qilgan xizmatlari alohida e’tirof etildi va terma jamoaga vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida u kishining eng yaqin shogirdlaridan biri To‘lqin Qilichev vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi», - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Marat Qurbonovning boksdagi faoliyati yakunlangani yo‘q.

«U kishi hali ko‘plab murabbiylar, chempion bokschilarni tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shishiga ishonamiz», - deya yozadi BFA matbuot xizmati.

Mavzuga oid
Top