11:28 / 06.08.2022
4433
Xitoy elchisi O‘zbekiston TIVga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Xitoy elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Xitoyning favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yanni qabul qildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida O‘zbekiston-Xitoy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar XXR davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van Ining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida va Shanhay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlar natijalarini yuqori baholadi.

O‘zbekistonning ShHTga raisligi doirasida rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi, deyiladi rasmiy xabarda.

Bundan oldin O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Tayvan atrofidagi vaziyatning rivojlanishi munosabati bilan yuzaga kelgan keskinlik tezroq bartaraf etilishiga umid bildirgandi

«O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yor va tamoyillariga muvofiq, «yagona Xitoy» siyosatini, ushbu mamlakatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlaydi», deyiladi rasmiy bayonotda.

Mavzuga oid
Top